Eron parlamentining yuqori lavozimdagi vakili Qizil dengizdagi Sabiti neft tankerida yuz bergan portlashlar ortida AQSh, Isroil hamda Saudiya Arabistoni turganligi va bu boradagi isbot-u dalillar tez kunlarda BMTga yuborilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Iran.ru” xabar berdi.

Foto: Benin Web TV

Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha a’zosi Abulfazl Hasanbeyji tankerga o‘rnatilgan kameralardagi videoyozuvdan hujumning Isroil, AQSh va Saudiya Arabistoni tomonidan uyushtirilganligi ma’lum bo‘lganini bildirdi.

Ushbu zulm uchligi (AQSh, Isroil va Saudiya Arabistoni) Eron islom respublikasini yenga olamiz deya hisoblagan. Ayrim davlatlaning tanker hujumiga aloqadorligi bo‘yicha dalil va isbotlar to‘plangan. Ular BMT hamda tashkilotning Xavfsizlik kengashiga yuboriladi. Ushbu hujumni amalga oshirgan va unda ishtirok etganlar o‘z qilmishi uchun javob berishi lozim.

Abulfazl Hasanbeyji, Eron parlamenti deputati

Sabiti Eron neft tanker o‘tgan haftada Saudiya Arabistoni sohillariga, Jidda portiga yaqin hududda hujumga uchragan va ikkita portlash amalga oshishi natijasida yuk kemasidagi neft ma’lum vaqt suvga oqqandi.