Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanidagi “Baqanshaqli” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Rustam” fermer xo‘jaligida “O‘n kunda eng ko‘p paxta tergan oila” tanlovining hududiy bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zAning xabar berishicha, tadbirda o‘n kun davomida 7 tonna 146 kilogramm paxta tergan “Kerder” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan Atashovlar oilasiga Spark avtomashinasi tantanali tarzda topshirilgan. Ular tergan paxtasi uchun 7 million so‘mga yaqin pul olib, oilasiga qo‘shimcha daromad ham kiritgan.
Bundan tashqari, o‘n kun davomida 5 tonna 599 kilogramm paxta tergan “Oqmang‘it” posyolka fuqarolar yig‘inidan To‘reboyevalar oilasi muzlatgich, 4 tonna 803 kilogramm paxta tergan mazkur posyolka fuqarolar yig‘inidan Yusupovalar oilasi gaz plitasi, 2 tonna 571 kilogramm paxta tergan “Oqterak” ovul fuqarolar yig‘inidan Genjabayevalar hamda 2 tonna 445 kilogramm paxta tergan “Baqanshaqli” ovul fuqarolar yig‘inidan Uzoqbergenovlar oilasi zamonaviy televizor bilan taqdirlandi.
Shunday qilib, birinchi hududdan Beruniy tumani “Do‘stlik” ovul fuqarolar yig‘inidan o‘n kunda oila a’zolari bilan 8 tonnaga yaqin paxta tergan Gulhumor Ro‘zimova, ikkinchi hududdan Qonliko‘l tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inidan 8 tonnadan ortiq paxta tergan Jiyengul Yeshanova oilasi, uchinchi hududdan Nukus tumani “Kerder” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 7 tonna 146 kilogramm paxta tergan Ikrambay Atashovlar oilasi g‘olib bo‘lib, har biri Spark avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish hamda faol terimchilarni rag‘batlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan shu yilning 27-sentabrdan 7-oktabrgacha “O‘n kunda eng ko‘p paxta tergan oila” tanlovi uchta hudud bo‘yicha e’lon qilingan edi.
Birinchi hududda To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo tumanlari, ikkinchi hududda Taxiatosh, Xo‘jayli, Shumanay, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot tumanlari, uchinchi hududda Nukus, Kegeyli, Chimboy, Taxtako‘pir, Qorao‘zak tumanlaridan 172 oiladan 504 terimchi qatnashdi. Ular tomonidan 500 tonnaga yaqin paxta terilgan. Ishchi guruh a’zolari tomonidan eng ko‘p paxta tergan oilalar aniqlandi.
Bundan avval Amudaryo tumanida paxta terimida ilg‘orlik ko‘rsatgan fermer xo‘jaligi raisiga Cobalt, Andijon viloyati hokimligi bir kunda yarim tonna paxta tergan ayolga Spark, to‘rt kunda 2,5 tonna paxta tergan oilaga Nexia sovg‘a qilgan edi. Toshkent viloyatida esa paxta terimiga chiqqan 92 yoshli onaxonga televizor berilgan va bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga sabab bo‘lgandi.