Afg‘oniston razvedkasi “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining Janubiy Osiyodagi guruhi yetakchisi, pokistonlik Asim Omarning o‘ldirilgani haqida xabar berdi, deb yozmoqda Ariananews.

Foto: Twitter

Milliy xavfsizlik direktoratining (National Directorate of Security, NDS) ma’lumotiga ko‘ra, Pokiston fuqarosi Omar AQSh hamda Afg‘oniston harbiylari birga Gilmend viloyatidagi Musa-Kala qishlog‘ida 23-sentabrda o‘tkazgan harbiy harakat vaqtida otib o‘ldirilgan.

“NDS ‘Al-Qoida’ning Hindiston mintaqasidagi yetakchisi Asim Omarning o‘limini tasdiqlaydi”, — deyilgan NDS’ning Twitter’dagi rasmiy sahifasida. “Tolibon” harakatiga qarshi o‘tkazilgan reyd vaqtida Omar hamda yana Pokiston fuqarosi bo‘lgan yana olti nafar jangari otib tashlangan.

Halok bo‘lganlar orasida Omarning Usama ben Laden hamda Anvar al-Avloqiy vafotidan keyin tashkilot rahbari va dunyoning “birinchi raqamli terrorchisi” bo‘lgan Amana az-Zavaxariy bilan aloqa qilishiga yordam bergan Ummon agenti Rayhon ham bor.

Xalqaro inqiroz guruhi rahbari va AQShning Afg‘onistondagi maxsus elchisi Lorel Miller TOLOnews’ga bergan intervyusida, AQSh bilan tinchlik kelishuvi muzokaralari vaqtida “Tolibonlar” harakatiga qo‘shilgan boshqa jangarilarning ham xorijdagi sheriklari bilan aloqa qilishiga to‘sqinlik qilish lozimligini bildirdi.

AQSh hamda “Tolibon” harakati o‘rtasida tuzilishi kutilgan va amalga oshishi kechiktirilgan bitimda hujum qilishni to‘xtatish, “Al-Qoida” va IShID terrorchilik guruhlari bilan aloqani uzish, ular bilan AQSh hamkorlariga qarshi harbiy harakatlarda ittifoqdosh bo‘lmaslik ko‘zda tutilgandi.

Deyarli bir yil davom etgan AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasidagi muzokaralar tomonlar kelishuv imzolashga yaqin kelgan vaqtda to‘xtab qolgan. AQSh prezidenti Donald Tramp “Tolibon” harakatining sentabrda Kobuldagi portlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganidan so‘ng muzokaralarning so‘nggi raundida ishtirok etmasligini ma’lum qilgan.

2018-yil mayida AQSh aviatsiyasi havodan hujum orqali Nangarxorda Afg‘oniston va Pokistondagi “Al-Qoida” jangarilari yetakchisi Hazrat Abbosni yo‘q qilgan.