AQSh prezidenti Donald Tramp “Tolibon” harakatining jangarilariga qarshi zarbalar berishni davom ettiradi. Bu haqda u 11-sentabr qurbonlarini yod etish marosimida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: Reuters

“So‘nggi to‘rt kun ichida dushmanlarimizga nisbatan har doimgidan ham qattiqroq turdik. Va ushbu harakatlar davom etadi”, — deydi Tramp.

Avvalroq, Donald Tramp AQSh va “Tolibon” o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari yakunlangani haqida ma’lum qilgandi. Bunga “Tolibon” jangarilarining Kobul markazida sodir etgan hujumi sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida 12 kishi, jumladan, amerikalik askar ham halok bo‘lgan edi.

“Bir necha kun oldin tinchlik muzokaralarini o‘tkazishni rejalashtirgan edi. Ular Puerto-Rikodan bo‘lgan ajoyib amerikalik askar va yana 11 nafar begunoh insonni o‘ldirganidan so‘ng, muzokarani bekor qildim. Ular ushbu hujum orqali o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi, lekin amalda naqadar zaif ekanliklari bilinib qoldi”, — deydi AQSh prezidenti.