“O‘zstandart” agentligi tashabbusi bilan tijorat standartlarini ilgari surish yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlari ishchi guruhi a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga “O‘zstandart” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv ishtirokchilari bajarilgan ishlar natijasini sarhisob qilib, ishlab chiqaruvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchilar orasida UNECE standartlari sohasidagi bilimlarni oshirish bo‘yicha strategiya va qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqqan.
Shuningdek, Markaziy Osiyodan milliy va mintaqaviy mahsulotlarni “Geografik ko‘rsatkichlar” orqali birgalikda targ‘ib qilish masalalari muhokama qilingan.
Ma’lumotga ko‘ra, Markaziy Osiyo ishchi guruhi biznes-hamjamiyat, standartlashtirish idoralari hamda xalqaro tashkilotlar ko‘magida tuzilgan. Uning doirasida raqobatbardoshlikni ta’minlash, meva-sabzavotlarni tashqi bozorga olib chiqish uchun BMT EIK sifat standartlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarda yechim topish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, xalqaro standartlar qatorida Yevropa, AQSh va Osiyoda tan olingan jahon bozorlari tomonidan talab qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari marketing va savdo nazorati bilan bog‘liq bo‘lgan BMT EIK tijorat standartlari alohida o‘rin egallaydi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqaro standartlashtirish jarayonlarida faol ishtirok eta boshlagan va ishchi guruh faoliyati BMT EIK tomonidan tan olingan.
Avvalroq “O‘zstandart” agentligi Xitoyning Standartlashtirish Administratsiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani haqda xabar bergandik.
Izoh (0)