Mehmonxonachi va sahovatpesha (filantrop) Barron Xilton 19-sentabr kuni Los-Anjelesda vafot etdi. Bu haqda Conrad N. Hilton Foundation jamg‘armasi bayonotiga asoslanib, CNN xabar bermoqda. Meduza’ning yozishicha, u 91 yoshda edi.

“Bobom Barron Xiltonning vafotidan chuqur qayg‘udaman. U afsona, ishning ko‘zini oldindan ko‘ra biluvchi, yorqin, ajoyib, mehribon inson edi hamda hayoti muvaffaqiyat va sarguzashtlarga to‘la edi”, — deb yozdi uning nevarasi, xonanda Peris Xilton Twitter’dagi sahifasida.

Barron Xilton — Hilton mehmonxonalari asoschisi Konrad Xiltonning o‘g‘li. U 1966-yili Hilton Hotels Corporation kompaniyasi rahbariga aylangan. Barron Xilton 2007-yili deyarli butun boyligini Conrad N. Hilton Foundation jamg‘armasiga meros qilib qoldirishini e’lon qilgan edi.

Avvalroq Toshkentda qurilishi davom etayotgan Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazida Hilton brendi ostida besh yulduzli mehmonxona ish boshlashi, uning qurilishi bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgani haqida xabarlar berilgan edi.