AQSh politsiyasi Floridada 1997-yilning 7-noyabrida bedarak yo‘qolgan Uilyam Moldtning tanasi qoldiqlarini topdi, deb xabar beradi Meduza.

Foto: Meduza

Tana qoldiqlari Google xaritasida marhumning ko‘lda yotgan avtomobili ko‘ringanidan so‘ng topildi.

Qayd etilishicha, 40 yoshli Moldt Lantana shahridagi bazmdan so‘ng yo‘qolib qolgan. U yo‘qolganidan so‘ng politsiya erkakni qidiruvga bergan, biroq topa olmagan edi.

Moldtning avtomobilini Lantanadan taxminan 30 kilometr uzoqlikdagi Vellington shahridagi Moon BayCir ko‘chasidan yo‘ldosh tasvirlari orqali topishdi.

Foto: Meduza

Ko‘ldagi mashina mana shu ko‘chada avval yashagan erkak tomonidan topilgan. U politsiyaga murojaat qilgan. Mashinada inson tanasi qoldiqlari topilgan. Bir haftadan so‘ng tana qoldiqlari Uilyam Moldtga tegishli ekanligi aniqlangan.

Palm-Bich okrugi sherifi ofisida qayd etilishicha, Moldt rulda boshqaruvni yo‘qotgan va ko‘lga kirib ketgan.