Toshkent metropolitenining “Alisher Navoiy” va “Paxtakor ”metro bekatlarining o‘tish qismida kitobsevarlar uchun mutolaa burchagi tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Mutolaa burchagiga kitob javonlari va stol-stullar qo‘yilgan bo‘lib, kitobsevarlar bu yerda o‘zlariga manzur adabiyotlarni olib o‘qishlari mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu kitob javonlari muntazam yangi kitoblar bilan to‘ldirib boriladi.

Ta’kidlanishicha, javon va stollar metropoliten rahbariyatining tashabbusi bilan o‘rnatilgan. Bundan tashqari bu yerda choy va pechenye ham sotilishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etish joizki, Toshkent metropolitenida 2018-yilning 1-iyunidan foto va video tasvirga olishga rasman ruxsat berilgan.

2025-yilga qadar Toshkent metropolitenini to‘rt barobarga uzaytirish, 30 ga yaqin yangi metro stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.