Toshkent metropolitenida 1-iyundan foto va video tasvirga olishga rasman ruxsat berildi. Stansiyalar va metro vagonlariga joylashtirilgan Metropolitendan foydalanish qoidalariga bu haqdagi o‘zgartish kiritildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
“Yo‘lovchilarning huquqlari” qismida 4.2-band kiritilib, unda “Foto va video suratga olish ruxsat etiladi”, — deb yozilgan.
Shu bilan birgalikda “Metropolitenda quyidagilar taqiqlanadi” qismidagi foto va video suratga olishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan 5.11-band o‘chirilgan.
Stansiyalar boshliqlari xodimlarga yangi qoidalar to‘g‘risida xabardor qilganini tasdiqladi. Ichki ishlar xodimlari endi tasvirga olish mumkinmi, degan savolga jilmayib: “Bemalol, bemalol”, — deya javob qaytarmoqda.
Fevral oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Unda turistlarga jamoat joylari, bino va inshootlarni hech qanday taqiqlarsiz suratga olishga ruxsat berilgan.