10-sentabr kuni Toshkent shahrida “Reabilitologiya: erishilgan yutuqlar, muammolar, istiqbollar – 2019” mavzuida I Milliy respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “Rossiyskiy eksportniy sentr” kompaniyasi ko‘magida tashkil qilindi. Unda bemorlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha Rossiyaning eng so‘nggi raqamli kompyuterlashtirilgan tizimidan foydalangan holda, O‘zbekiston reabilitatsiya sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi.
Ushbu tizim Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Konstantin Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh boshchiligida “MedInvestGrupp” kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan. O‘zbekistonda mazkur ishlanmani nevrologiya, kardiologiya, travmatologiya yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyotga tadbiq etish rejalashtirilgan.
Tadbirda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanish va uning tezkorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy uslublari joriy etilmoqda, bemorlarga taqdim etilayotgan xizmatlar sifati oshdi. Biroq, erishilgan natijalarni saqlab qolish bilan birga bemorlarni tiklash ham zarur masalalardan biridir.
Muammoning nechog‘liq muhim ahamiyatga egaligini statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Ma’lumki, O‘zbekistonda har yili insult bilan kasallangan 46 ming nafarga yaqin bemorlar, bosh miya jarohatlaridan keyingi 13 ming nafarga yaqin bemorlar reabilitatsiyaga muhtoj. O‘zbekistonda reabilitatsiya muolajalari bajarilishi kerak bo‘lgan 700 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qilmoqda.
Ayni paytda, amaldagi reabilitatsiya markazlarining o‘tkazish quvvati yiliga atigi 20 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatish bilan cheklanib qolgan. Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 30-avgustda qabul qilingan “Aholiga nevrologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ushbu sohada jahon tajribasini hisobga olgan holda, reabilitatsiya tizimini kompleks tarzda isloh qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, reabilitatsiya jarayonida eng so‘nggi kompyuter, simulyatsion va robotlashtirilgan texnologiyalardan foydalanishga urg‘u berish zarur, degan to‘xtamga kelindi. Chunki, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etmasdan, qisqa muddatda reabilitatsiyaga muhtoj bo‘lgan bu qadar ko‘p sonli bemorlarni davolash va hayotga qaytarish imkonsizdir.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxasslari birinchi bosqichda xorijiy mutaxassislarning reabilitatsiya tizimini modernizatsiyalashga oid qator takliflarini ko‘rib chiqdilar. Ular orasida Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Konstantin Lyadov rahbarligidagi ilmiy guruh boshchiligida «MedInvestGrupp» kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan ishlanma ayniqsa, ularning e’tiborini tortdi.
Rossiyalik olimlar bemorlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan maxsus uskunalar to‘plamini emas, raqamlashtirish bo‘yicha jahondagi eng dolzarb ishlanmalarga asoslangan, butun O‘zbekistonda reabilitatsiya jarayonini tashkil qilishning raqamli kompyuterlashgan tizimini taqdim etdi. Muqobili bo‘lmagan mazkur kompleks tizim ko‘p sonli bemorlarni tez, samarali va eng kam harajatlar bilan reabilitatsiya qilishni tashkillashtirish imkonini beradi va O‘zbekiston reabilitatsiya markazlarining o‘tkazuvchanlik qabiliyatini ancha oshiradi.
Ushbu tizim, shuningdek, bemorlar bilan ishlashda xodimlar yetishmovchiligi muammosini bartaraf etishga ham yordam beradi. Bu instruktorlarni o‘qitish va qayta o‘qitish jarayoni to‘liq tashkillashtirish orqali ta’minlanadi. Bunda odatdagi reabilitatsiya tizimida mehnat qiladigan mutaxasssislarga qaraganda, ancha kam xodim talab etiladi.
Xususan, yangi tizimda multidissiplinar brigadalar talab etilmaydi, chunki sun’iy intellekt bemorlarning ahvolini baholaydi, har bir bemor uchun alohida davolash kursini tanlab beradi. Tibbiy hujjatlarni tahlil qilish jarayoni ham avtomatlashgan. Bemorni tiklash jarayoni esa rossiyalik mutaxassislar tomonidan yaratilgan va Rossiyada ishlab chiqarilgan maxsus kompyuterlashgan trenajyorlar to‘plami yordamida amalga oshiriladi.
Bemorlar uchun marshrutlarni belgilash bo‘yicha ham maxsus dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, bu jadalshashtirilgan reabilitatsiya dasturi va trenajyor vaqtidan samarali foydalanishni ta’minlaydi. Ya’ni taklif etilgan tizim turli patologiyalari bilan kelgan bemorlarni reabilitatsiya qilish muammosini har tomonlama hal etish imkonini beradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu raqamli ishlanmani O‘zbekistonda nevrologiya, kardiologiya, travmatologiya yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Izoh (0)