Qozog‘istonda mitinglar uchun maqbul manzillarni belgilash va zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish Umummilliy rejaga kiritildi.

Foto: Tengrinews

Mamlakat prezidentining xalqqa murojaati 5 yo‘nalishga bo‘lindi.

“Birinchi yo‘nalishga fuqarolar va tashkilotlar murojaatlari bilan ishlash sifatini kuchaytirish, davlat xizmatchilari sonini bosqichma-bosqich 25 foizga qisqartirish va ma’lum bir joylarda mitinglar o‘tkazilishiga ruxsat berish kirdi”, — deydi Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Alixon Ismoilov.

Ismoilovga ko‘ra, ikkinchi yo‘nalish doirasida shaxsga qarshi og‘ir jinoyatlar — jinsiy zo‘ravonlik, pedofiliya, narkotiklar tarqatish, odam savdosi, maishiy zo‘ravonlik va brakonerlikka qarshi jazolarni kuchaytirish bo‘yicha 6 ta qonun qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Qolgan yo‘nalishlarga mikro va kichik biznesni daromad solig‘i va tekshiruvlardan 3 yilga ozod qilish, uy-joy kreditlashini kengaytirish, oliy o‘quv yurtlari soni tahlili, o‘qituvchilar maoshini oshirish va boshqalar kirgan.

Umummilliy reja jami 21 banddan iborat.