O‘zbekistondan yo‘lga chiqib, katta ehtimol bilan Qozog‘istonning Atirau shahriga ketayotgan katta yuk mashinalari toshbo‘ron qilingan. Tengrinews’ning yozishicha, bu haqda Facebook foydalanuvchisi Nurillo Nuriddinov “OSA” guruhida xabar qoldirgan.
Xabar muallifining so‘zlariga ko‘ra, hodisa 7-sentabr, shanba kuni vazn nazorati postiga taxminan 5 kilometr masofa qolganida yuz bergan. Xabarga ilova qilingan videoda yon tomonlari va old oynalariga jiddiy zarar yetgan yuk mashinalarini ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston Transport vazirligidan xabar berishlaricha, vazirlik rahbariyati vaziyatni nazoratga olish va ro‘y bergan holatga oydinlik kiritish yuzasidan O‘zbekistonning Aqtau shahridagi bosh konsuli bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan.
“Ushbu holat O‘zbekistonning Aqtaudagi bosh konsulligi nazoratiga olindi. Ro‘y bergan hodisa yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ish olib bormoqda”, — deyiladi Transport vazirligi bayonotida.
Vazirlik 7-sentabr, shanba kuni ro‘y bergan hodisaga batafsil oydinlik kiritish maqsadida jabrlangan haydovchilarni Aqtaudagi bosh konsulning +7777 599 00 50 telefon raqamiga murojat qilib, ariza qoldirishlarini so‘ragan.
Izoh (0)