O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilovning AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblum bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar qiladi.
Oliy sud raisi mehmonni qutlar ekan, elchini yaqinda lavozimiga tayinlangani bilan samimiy tabriklab, ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishda ulkan zafarlar tiladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan, 1992-yil 19-fevralda esa mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston—AQSh munosabatlari izchillik bilan rivojlanib kelmoqda.
Ayniqsa, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi tarixiy bosqichini boshlab berdi.
Tashrif doirasida davlat rahbarlarining “O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Turli sohalardagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolandi.
Oliy sud raisi elchiga mamlakat sud-huquq tizimida shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida — E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi (2014-yil) ishga tushirilgani alohida qayd etildi.
Bugungi kunda E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi mamlakat fuqarolik ishlari bo‘yicha 75 ta tumanlararo va 14 ta viloyat sudlari faoliyatiga joriy etildi. Bu tizim o‘z navbatida, fuqarolarga sudlarda ish yurituv samaradorligini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish hamda sud jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyatini bermoqda.
“O‘zbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar jarayoni haqida gapirganda, biz dunyoning taraqqiy etgan davlatlarining bu boradagi ilg‘or tajribasini har tomonlama chuqur o‘rganib, milliy tizimimizga muvaffaqiyatli tadbiq etish yo‘lidan borayotganimizni alohida qayd etib o‘tishni istardim”, — dedi Komilov.
AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Rozenblum samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, ikki tomonlama munosabatlar yanada rivojlanishiga umid bildirdi.
Izoh (0)