Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Britaniyalik siyosiy texnolog Tim Bell 77 yoshida vafot etdi. U faoliyatini Margaret Tetcher uchun ishlash bilan boshlab, keyinchalik butun jahon bo‘ylab siyosiy tashviqotlarda qatnashdi. U o‘ng g‘oyalarga sadoqati va ishda kasbiy qadriyatlarni ma’naviy-axloqiy qarashlardan ustun qo‘yishi (va shunga qat’iy ishonishi) bilan ajralib turardi. Meduza nashri Tim Bellning zamonaviy jahon tarixidagi roli haqida hikoya qiladi.

Tim Bell.

Tim Bell.
Foto: Meduza

Margaret Tetcherning asosiychi piarchisi bo‘lgan

Tim Bell 1941-yili Londonda, irlandiyalik va avstraliyalik muhojirlar oilasida tug‘ilgan. U Konservatorlar partiyasiga sadoqat odatiy hol hisoblanadigan o‘rtahollar sinfining o‘ziga to‘q qatlamiga mansub edi. Yoshligida Bell siyosiy piardan ko‘ra tijoriy reklama bilan ko‘proq shug‘ullangan, biroq u tarbiya topgan muhit uning hayotidagi eng asosiy ish nima bo‘lishini oldindan belgilab qo‘ygan edi.

1978-yili Margaret Tetcher boshchiligidagi Konservatorlar partiyasi o‘z saylovoldi kampaniyasini ishlab chiqish uchun Bell ishlaydigan agentlikni yollagan. O‘sha vaqtda hokimiyat tepasida leyboristlar hukmron edi. “Leyboristlar ishlamayapti” nomli plakatni aynan Bellning nomi bilan bog‘lashadi — unda mehnat birjasi oldidagi navbat ko‘rsatilgan bo‘lib, bu bir vaqtning o‘zida ham leyboristlar hukmronligi davrida ishsizlik o‘sib borayotganiga, ham partiya bu muammoni hal qila olmayotganiga ishora edi.

“Leyboristlar ishlamayapti” deb yozilgan bilbordlar Buyuk Britaniya ko‘chalarida 1978-yili paydo bo‘lgandi.

“Leyboristlar ishlamayapti” deb yozilgan bilbordlar Buyuk Britaniya ko‘chalarida 1978-yili paydo bo‘lgandi.
Foto: Getty Images

Bellning o‘zi xotirlashicha, dastlab ushbu g‘oya Tetcher xonimga unchalik ma’qul kelmagan va u Bellni hatto ahmoq deb atagan, ammo yakunda ushbu plakat Britaniya saylovoldi reklamalari tarixidagi eng muvaffaqiyatli namunalardan biriga aylangan va Tetcherning saylovdagi g‘alabasi ham qaysidir ma’noda shu plakat bilan bog‘liq. Oxir-oqibat Bell 1979 yildan 1990 yilga qadar bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan Tetcherning yaqin maslahatchilari qatoriga kiritilgan. Qayd etish joiz, Buyuk Britaniyadagi ishsizlik aynan Tetcher davrida o‘z cho‘qqisiga chiqqan.

“Tetcher xonim nima uchundir meni oddiy odamlarning ehtiyojlarini tushunadi deb o‘ylardi, jin ursin”, — deb o‘z vaqtida xotirlagandi Bell. Tetcher davrida u ritsarlik unvoniga loyiq ko‘rilgan, keyinroq Britaniya periga aylangan.

O‘layotgan Aleksandr Litvinenkoning suratini e’lon qilgan

Zaharlangan Aleksandr Litvinenkoning hayotlik davrida olingan so‘nggi surati. London, 2006-yil 21-noyabr.

Zaharlangan Aleksandr Litvinenkoning hayotlik davrida olingan so‘nggi surati. London, 2006-yil 21-noyabr.
Foto: “TASS”

Tim Bell Rossiyaga1990-yillarda, aniqrog‘i, 1996-yilgi saylov vaqtida Boris Yelsinga maslahatchilik qilishni taklif etishganida kelgan. O‘zining yodga olishicha, uning demokratik mamlakatlardagi saylovlar tajribasiga asoslangan g‘oyalari Rossiya prezidenti a’yonlarida katta ishtiyoq uyg‘otmagan. Bell fuqarolarga Yelsinga ovoz berish bo‘yicha buyruq berishni emas, balki ularni ovoz berishga ko‘ndirishni taklif qilgan. “Ruslar baxtsiz bo‘lish uchun tug‘ilgan”, — deb aytgan Yelsinni qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Aleksandr Korjakov, shu bois ularni ko‘ndirishga harakat qilish, ulardan biror narsa so‘rash — yomon strategiya.

Shunga qaramay, Bell Rossiyada baribir bir-ikki tanish orttirgan. U oradan 10 yil o‘tib, bu vaqtga kelib Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tgan biznesmen Boris Berezovskiyga uning Vladimir Putinga qarshi kurashida tavsiyalar bergan. O‘sha vaqtlarda jamoatchilik e’tibori Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) sobiq xodimi Aleksandr Litvinenkoga qaratilgan edi — u Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana olgan va Rossiya hukumatini 1999-yilgi portlashlarni uyushtirishda ayblardi. Litvinenkoga Berezovskiy faol yordam bergan.

2006-yilning oxirida Litvinenko zaharlandi va shu zahoti buning ortida Rossiya maxsus xizmatlari turibdi, degan taxmin ham paydo bo‘ldi. Aynan Bellning odamlari shifoxonada yotgan Litvinenkoning suratga olinishini uyushtirgan va uning hayotlik vaqtidagi so‘nggi suratini OAV orqali tarqatgan (qizig‘i, fotosuratchi bu suratni haqiqatan ham faqat Litvinenkoning qarindoshlari uchun olayotganiga ishongan). Surat tarqalganidan ikki kun o‘tib Litvinenko o‘lgan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u favqulodda kamyob radioaktiv modda — poloniy bilan zaharlangan.

Buyuk Britaniya huquqni-tartibot organlari Litvinenkoning o‘limi ortida Rossiya maxsus xizmatlari turibdi, deb hisoblaydi. Ushbu voqealar Rossiyaning Buyuk Britaniya bilan munosabatlari boshqa G‘arb mamlakatlari bilan kamida ikki yil avval buzilishiga sabab bo‘lgan. Bellning aytishicha, u Berezovskiy va Litvinenkoga shunchaki do‘stona yordam ko‘rsatgan, pul olmagan.

Lukashenko, Pinochet va boshqa diktatorlar bilan hamkorlik qilgan

Bellning obro‘si ziddiyatli edi. Hamkasblari uning istarasi, xushmuomalaligi va sof britancha hazil hissini juda qadrlardi. Ayni vaqtda uning o‘zi ham, u asos solgan Bell Pottinger agentligi ham uncha-muncha yoqimsiz mijozlar bilan hamkorlik qilishdan hech tap tortib o‘tirmasdi.

1998-yili Buyuk Britaniyada Chili sobiq diktatori Augusto Pinochet hibsga olinadi. U 1974-yili harbiy to‘ntarish orqali Chilida hokimiyatni egallagan edi. Chili iqtisodiyotining inqirozdan chiqishi ko‘pincha Pinochet nomi bilan bog‘lanadi, biroq u, shuningdek, so‘l kayfiyatdagi muxolifatchilar, faollar va jurnalistlar (xususan, chet ellik muxbirlar)ning ommaviy ta’qiblarini ham uyushtirgan. Aynan o‘z fuqarolarini o‘ldirgani uchun Pinochetni Ispaniyada sud qilmoqchi bo‘lishgan. Bell aksilkommunistik lager bo‘yicha Tetcherning sodiq ittifoqchisi hisoblangan Pinochetning Ispaniyaga topshirilishining oldini olish yo‘lida boshlangan kampaniyaning bosh tashkilotchisiga aylangan. “Qasos emas, yarashish!” shiori ostida o‘tgan tashviqot Pinochetning ozod etilishi bilan tugagan.

Bell Bahrayn va Misrdagi diktatorlik tuzumlari bilan ishlagan, shuningdek, AQSh Iroqqa bostirib kirib, Saddam Husaynni ag‘dargach, Amerika harbiy ma’muriyatiga yordam ko‘rsatgan. Bell haqida yozganlarning bari u avtoritar tuzumlar va yetakchilar bilan hamkorlik qilgan yagona polittexnolog emasligiga urg‘u beradi. Biroq, bir necha yil avval The Guardian gazetasi alohida qayd etib o‘tganidek, Bellni o‘ng g‘oyalarga sadoqat ajratib turgan va u faqat o‘ng kayfiyatdagi diktaturalar uchun ishlagan. “Menga kimdir ilhom bergan bo‘lsa, u ham bo‘lsa Ayn Renddir”, — degandi uning o‘zi.

Lekin, ochig‘ini aytish kerak, bu fikrlarni shubha ostiga olish unchalik qiyin emas. Bellning agentligi mijozlari orasida, masalan, Suriya prezidentining rafiqasi Asma Asad ham bor, Sharqiy Yevropada esa u erkin bozor va kapitalistik iqtisodiyot tarafdori deb aytish qiyin bo‘lgan Aleksandr Lukashenkoga yordam bergan. Bell bu ishga qanday rozi bo‘lganini izohlar ekan, Lukashenko uni: “Belarus demokratik yo‘ldan ketmoqchi”, deb ishontirganini ta’kidlaydi.

Janubiy Afrikadagi irqiy mojaro sabab, o‘zi asos solgan agentlik tanazzuliga guvoh bo‘lgan

Axloqiy-ma’naviy qarashlar Bellni g‘oyaviy ziddiyatlardan ham kamroq o‘ylantirardi. U axloqni “piarchilarning emas, ruhoniylarning ishi” deb hisoblardi. Biroq aynan axloqiy nopoklik borasidagi ayblovlar u asos solgan agentlikning 2017-yilda inqirozga uchrashiga sabab bo‘ldi.

Bir yil avval Bell Pottinger kelib chiqishi hind va JAR prezidenti Jeykob Zumaga haddan tashqari yaqin bo‘lgan janubiy afrikalik ishbilarmonlar — aka-uka Guptalar uchun ishlashga rozi bo‘lgan (qayd etish joiz, bir muddat avval shu aka-ukalarning O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi ekani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi). Buyurtmachilar siyosiy texnologlardan ularning nomini korrupsiya ayblovlaridan soqit qilib, raqiblarini qora tanli ko‘pchilikning pullarini tortib olayotgan oq monopolistlar qilib ko‘rsatishni so‘ragan. Tegishli g‘oyalarni tarqatish uchun piarchilar internet-texnologiyalardan faol foydalangan, xususan, feyk akkauntlar ochib, raqiblarni qoralash va masxaralash bilan shug‘ullangan. Bu ish JAR irqiy urush yoqasiga kelib qolishi bilan tugadi, hamma bunda aynan Bell Pottinger’ni aybladi.

Bell agentlik boshqaruvidan aynan o‘sha yili, Guptalar bilan hamkorlik boshlanayotgan vaqtda ketgan edi. U keyinchalik ushbu loyihaga qarshi bo‘lganini aytdi. Axloqiy nuqtai nazardan emas, balki manfaatlar to‘qnashuvi sabab: piar-kampaniya bo‘yicha qoralanishi kerak bo‘lganlarning aksariyati aslida shu agentlikning mijozlari bo‘lgan. Bell Pottinger uchun hammasi ayanchli tugadi: uni piarchilarning professional uyushmasidan chetlatishdi, kompaniyada tashqi boshqaruv joriy etildi. Bell sobiq hamkasblarini oqlab chiqishga majbur bo‘ldi, biroq soha vakillarining ishonch bilan ta’kidlashicha, agar Tim Bellning nomi va obro‘si bo‘lmaganida edi, Bell Pottinger ikki dunyoda ham JARda buyurtma ololmasdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ilon Mask Twitter’da Apple reklamalari tiklanganini e’lon qildi
Dunyo
Turkiyaning Kizilelma qiruvchi droni ilk parvozni amalga oshirdi (video)
Dunyo
Xitoy Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatdimi?