Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari va hudud aholisining farzandlari uchun maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari va hudud aholisining farzandlari uchun davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini ro‘yxat asosida qurish va kapital ta’mirlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2020-yilning 1-yanvariga qadar ushbu qaror ilovasining 1-bandida, 2020-yilning 1-iyuniga qadar 2-bandida ko‘rsatilgan maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘radi.
Toshkent shahar hokimligi:
— Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu qaror ilovasining 1-bandida ko‘rsatilgan obyektning Yashnobod tumani maktabgacha ta’lim bo‘limiga beg‘araz muddatsiz foydalanish huquqi asosida beriladi;
— ushbu qaror ilovasining 2-bandida ko‘rsatilgan yer maydonini Shayxontohur tumani maktabgacha ta’lim bo‘limiga ajratadi.
Belgilanishicha:
— tashkil etiladigan maktabgacha ta’lim muassasalari uchun umumiy kvotaning 80 foizi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlarining farzandlari uchun hamda 20 foizi hudud aholisining farzandlari uchun ajratiladi;
— Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlarining farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Kadrlar boshqarmasiga ariza berish yo‘li bilan yo‘llanma orqali, hudud aholisining farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi;
— mazkur qarorning ilovasida ko‘rsatilgan maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish va kapital ta’mirlash homiylik mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, shuningdek ichimlik suvi va oqava suv tashqi muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish hamda qurish, obyektlarning atrof hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari Toshkent shahrining mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyihani amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini, shuningdek qurilish-montaj ishlarini bajarish sifati ustidan lozim darajada davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi yangi tashkil etilayotgan maktabgacha ta’lim muassasalarini malakali mutaxassis va pedagog kadrlar bilan jamlash choralari ko‘riladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Ta’lim” sohasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida maktabgacha ta’lim muassasalari ta’minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutadi.
Izoh: Agar Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlarining farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘rinlar sonining 80 foizigacha qamrab olmagan taqdirda, Maktabgacha ta’lim muassasasi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga asosan istisno tariqasida qabul qilinishiga ruxsat beriladi.
Izoh (0)