16-avgust kuni “Daryo”da e’lon qilingan “Xorazmda “snos”ga tushgan uy egasi: Bir ilojini qilib bosh vazirni ko‘chamizga olib keldik” sarlavhali maqola Oliy sudda o‘rganib chiqildi. Unda urganchlik fuqaro Valentina Matmuratova buzilishga tushgan xonadonidan ko‘chishga norozilik bildirgani bayon etilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Google Images

Sud hujjatlaridan ko‘rinishicha, fuqaro Valentina Matmuratova oila a’zolari bilan Urganch shahar Istiqlol ko‘chasi 9-uy 2-xonadonda istiqomat qilib kelgan.

Urganch shahar hokimining 2016-yil 10-avgustda Istiqlol ko‘chasida joylashgan eski, yakka tartibda qurilgan turar joylarni buzib olish hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risida qarori qabul qilingan.

Istiqlol ko‘chasining “snos”ga tushgan hududida joylashgan uylarning o‘rnida yangi turar joy binolari qurish uchun “Adamboy-Shukurjon” korxonasiga Urganch shahar hokimining 2018-yil 24-noyabrdagi qaroriga asosan yer maydoni ajratib berilgan.

Quruvchi korxona hokimlik bilan 2018-yil 17-noyabr kuni tuzilgan kelishuv shartnomasiga ko‘ra, buzilishga tushgan joy mulkdorlariga avvalgisidan kam bo‘lmagan sahndagi bitta kvartira bilan ta’minlash majburiyatini olgan.

Valentina Matmuratova hokimlik qarori bo‘yicha o‘zi yashab turgan uydan ixtiyoriy chiqmagach, hokimlik fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining 2019-yil 22-apreldagi hal qiluv qarori asosidaValentina Matmuratova oila a’zolari bilan uy-joydan majburiy tartibda chiqarilishi belgilangan. Fuqaro quyi sud qaroridan norozi bo‘lib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat bergan. Apellyatsiya instansiyasi (2019-yil 20-iyun) esa “Javobgar va uning oila a’zolari Urganch shahar, Istiqlol ko‘chasida joylashgan 9-uy, 2-xonadon o‘rnida qurilishi belgilangan ko‘p qavatli uy-joy qurib bitkazilguniga qadar vaqtinchalik ijaraga Urganch shahar, Gurlan ko‘chasi, 53-uy, 4-xonadonga ko‘chirilsin” degan so‘zlar chiqarib tashlanib, hal qiluv qarorining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Garchi, javobgar Valentina Matmuratova istiqomat qilib kelgan uy-joy o‘ziga tegishli ekanligini bildirsa-da, ammo uy-joy unga tegishli ekanligini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim etmagan, sudda ham bu kabi dalillar aniqlanmagan.

Xususan, apellyatsiya instansiyasiga taqdim etilgan “Yermulkkadastr” Urganch shahar filialining 2019-yil 14-iyundagi 1653-sonli ma’lumotnomasida, Urganch shahar, Istiqlol ko‘chasida joylashgan 9-uy 2-xonadon V. Matmuratovaning nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi aniqlangan.

Urganch shahar hokimligi huzuridagi xo‘jalik hisobidagi uy-joy qurilishini boshqarish va nazorat qilish bo‘limining 2019-yil 18-apreldagi 28-sonli ma’lumotnomasida, nizoli uy-joy davlat uy-joy fondiga qarashli munitsipial xonadon ekanligi, ushbu xonadonlar fuqarolarga xususiylashtirilib berilmaganligi qayd etilgan.

Shu bilan birga nizoli uy-joyga nisbatan javobgar Valentina Matmuratovada mulk huquqi mavjud bo‘lmasa-da, “Adamboy-Shukurjon” MChJning Urganch shahar hokimligiga yuborgan xatida, buzilishga tushgan hududda istiqomat qilib kelayotgan fuqarolarga yangi qurilish belgilangan uylardan o‘zlari yashab kelayotgan uy-joy sahnidan kam bo‘lmagan xonadon berish majburiyatini olgan.

Ushbu majburiyat doirasida “Adamboy-Shukurjon” MChJ vakillarining kelishuv shartnomasi tuzish haqidagi taklifiga, javobgar Valentina Matmuratova rozi bo‘lmagan.

Undan tashqari, Urganch shahar Istiqlol ko‘chasida joylashgan buzilish zonasiga tushgan uylarning texnik, xavfsizlik holatini o‘rganish bo‘yicha 2018-yil 3-noyabrda tuzilgan dalolatnomada, ushbu manzilda joylashgan uy-joylar 1938-yilda qurib bitkazilgani, muhandislik yoritish tizimlari ahvoli talab darajasida ishlamayotganligi, uylarning fundament qismi yo‘qligi sababli buzilish darajasiga kelganligi, uylarning atrofi sanitariya-gigiyena qoidalariga javob bermasligi, uylarning kanalizatsiya quvurlari nosoz holatdaligi, uylarning ayrim qism devorlarida yoriqlar bo‘lib, yashash uchun xavfli ekanligi, uylar hududida erkin harakatlanish uchun qutqaruv yo‘llari va boshqa o‘tish joylari mavjud emasligi ko‘rsatilib, ushbu uylar “yashash uchun xavfli” degan xulosa qilingan.

Ushbu holatda javobgar Valentina Matmuratova oila a’zolari bilan istiqomat qilib kelgan uy-joy ularga tegishli emasligi bilan birga uy-joy avariya holatida ekanligi bois Uy-joy kodeksining 70-moddasiga binoan javobgarlarni ko‘chirish asoslari mavjudligi bois birinchi instansiya sudi da’voni qanoatlantirish haqida qonuniy, ijara to‘lovini undirish haqida adolatli va asosli xulosaga kelib, ijara shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa-da, javobgarni oila a’zolari bilan Urganch shahar, Gurlan ko‘chasi, 53-uy, 4-xonadonga ko‘chirilgan.

Birinchi instansiya sudi qayd etilgan qonun talablari va ish holatlarini inobatga olmasdan boshqa uy-joyga ko‘chirishda noto‘g‘ri xulosaga kelganligi bois, apellyatsiya instansiyasi sudning ushbu xulosasi bilan kelishmagan holda uni o‘zgartirib, uy-joyga ko‘chirish haqidagi jumlani chiqargan holda hal qiluv qarorini o‘zgartirish xususida asosli va qonuniy xulosaga kelgan.

Shu bilan birga sud qarorini ijro etish jarayonida Urganch shahar hokimligi, “Adamboy Shukurjon” MChJ va fuqaro Valentina Matmuratova o‘rtasida 2019-yil 16-avgustda kelishuv bitimi tuzilib, ushbu kelishuv bitimi fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining 2019-yil 19-avgustdagi ajrimi bilan tasdiqlangan.

Ushbu kelishuv bitimi shartlariga ko‘ra, javobgar V. Matmuratova va uning oila a’zolari Urganch shahar, Istiqlol ko‘chasida joylashgan 9-uy, 2-xonadon buzilishi evaziga barcha oila a’zolariga hokimlik tomonidan ajratilgan umumiy yer maydoni 600 kvadrat metr yer uchastkasi hamda “Adamboy Shukurjon” MChJ tomonidan 170 000 000 so‘m va turar- joydan chiqqan qurilish materiallarini Valentina Matmuratova va oila a’zolari olgandan keyin turar-joydan 10 kun ichida chiqib ketishi majburiyatini olgan.

Bundan tashqari, bitimga asosan Valentina Matmuratova Urganch shahar, Istiqlol ko‘chasida joylashgan 9-uy, 2-xonadon o‘rnida qurilishi belgilangan ko‘p qavatli turar joydan yangi xonadon va ijara haqini olishdan voz kechadi.

Shuningdek, taraflar bu masala yuzasidan sudga, prokuratura hamda ichki ishlar organlariga qayta shikoyat ariza bilan murojaat qilmasligi belgilandi.