O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida jazoni o‘tash muassasasida jazo o‘tayotgan 11 nafar ayolning nazorat tartibida bergan shikoyat arizasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning ‘Ayolga bo‘lgan hurmat-e’tibor — bu avvalo, oilaga, jamiyat kelajagiga bo‘lgan hurmat-e’tibor ifodasidir’ degan g‘oyasi asosida mamlakatda bugun xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilish, oilalar barqarorligini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy hayotda to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, bir so‘z bilan aytganda, munis va mo‘tabar opa-singillarni hayotdan rozi qilishga qaratilgan tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, davlat rahbarining insonparvarlik va bag‘rikenglikka yo‘g‘rilgan adolatli siyosati tufayli turli xil sabablar bilan to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, jinoiy qilmishlarga qo‘l urgan bo‘lsa-da, xatosini tushunib, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan ayollarga yengillik berilmoqda. Ular jazodan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi, farzandlari bag‘riga qaytarilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Bu ezgu ishlarni amalga oshirishda 2018-yil 20-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida imzolangan memorandum ham muhim o‘rin tutmoqda.
Mazkur memorandum doirasida joriy yilning o‘tgan olti oyida jazoni o‘tash muassasalarida jazo o‘tayotgan 227 nafar ayolning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, 51 nafar ayol jazoni o‘tashdan shartli ozod qilindi, 131 nafar ayolga Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligi asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi.
Mamlakat sarhadlari bo‘ylab eng ulug‘, eng aziz bayram — Mustaqillik ayyomi nafasi kezib yurgan shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida jazoni o‘tash muassasasida jazo o‘tayotgan 11 nafar ayolning nazorat tartibida bergan shikoyat arizasi ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.
Oliy sud raisining o‘rinbosari X. Yodgorov raisligida o‘tgan ochiq sud majlislarida har bir ayolning nazorat tartibida bergan arizasi qonun doirasida batafsil ko‘rib chiqildi. Mahkumlarning jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jazoni o‘tash jarayonida o‘zining ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani e’tiborga olindi.
Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini o‘tagani, qilmishiga iqror va pushaymon bo‘lgani, yoshi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining kafolati xati inobatga olinib, 10 nafar ayol jazodan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi.
Bir nafar mahkuma ayolning jazo muddati qisqartirildi.
“Quvonchimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. 6 nafar farzandim bor. Jazoni o‘tash davri farzandlarim, oilam sog‘inchi jon-jonimdan o‘tdi. Qilmishimga ming marta pushaymon bo‘ldim. Qayta bunday qilmishga qo‘l urmayman deb o‘z-o‘zimga so‘z berdim. Men kabi to‘g‘ri yo‘ldan adashgan ayollarga bag‘rikenglik ko‘rsatib, ozodlikka chiqish imkonini bergani uchun Prezidentdan cheksiz minnatdorman. Nasib bo‘lsa, endi umrimni faqat ezgu ishlarga, farzandlarim tarbiyasiga bag‘ishlayman. Prezidentimizning ishonchu e’tiborini halol mehnatim bilan oqlayman”, — deydi Gulbahor Yoqubova.
Izoh (0)