Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 14 yoshli bolaning kasalxonaga tirik borib, o‘lik qaytgani iddao qilinayotgan videolavha tarqalgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu videolavhani atroflicha o‘rgandi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Joriy yil 1-avgust kuni soat taxminan 17:00 lar atrofida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali qabul bo‘limiga 14 yoshli A.I. yo‘l mashinasida olib kelingan. Qarindoshlarining aytishicha, A.I. bozorda stulga o‘tirgan vaqti birdaniga hushidan ketgan va yiqilgan.

Filial qabul bo‘limida A.I. ko‘rikdan o‘tkazilganda u biologik o‘lim holatidaligi aniqlangan. Shunga qaramay shifokorlar yurak tashqi massajini amalga oshirgan, maxsus qopcha orqali nafas berilib, standartlar asosida tibbiy muolajalar tezkorlik bilan ko‘rsatilgan.

A.I.ning qarindoshlariga biologik o‘lim mavjudligi, qilinayotgan reanimatsion chora-tadbirlar samarasizligi haqida bir necha bor aytilishiga qaramasdan, ular qabul bo‘limi vrachlarini haqoratlab, tazyiq ostida reanimatsion choralar ko‘rsatishni davom ettirishga majburlagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolavha marhum keltirilgandan keyin 30 daqiqa o‘tib olingan tasvirlar bo‘lib, barcha ko‘rsatilayotgan yordam murda qarindoshlari tazyiqi va bosimi ostida bajarilgan. So‘ngra murda ichki ishlar xodimlariga topshirilib, sud-tibbiy ekspertiza byurosiga o‘tkazilgan.

“Ish vaqtida hech qaysi tibbiyot xodimi spirtli ichimlik iste’mol qilmagan. Ijtimoiy tarmoqlardagi ‘vrachlar spirtli ichimlik ichgan holatda yordam ko‘rsatayapti’ degan iddaolar yolg‘on va tuhmat bo‘lib, agar vrachlar haqiqatan ham ushbu holatda spirtli ichimlik ichib, yordam ko‘rsatayotgan bo‘lganida marhumning qarindoshlari u yerdagi shifokorlarni o‘sha vaqtdayoq tinch qo‘yishmagan bo‘lardi”, — deydi filial direktori Akbar Tilyakov.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi huquqni muhofaza qilish organlaridan ushbu holat yuzasidan, ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on videolavha tarqatib, xalqda tibbiyot xodimlariga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishga harakat qilayotgan fuqarolarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda huquqiy choralar ko‘rishlarini so‘raydi”, — deyiladi xabarda.