Bo‘zsuv kanalidagi achimsiq hidga GES modernizatsiya qilinayotgani va qorayib ketishiga esa tekstil korxonalaridan chiqayotgan bo‘yoq sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi mutasaddilari “Daryo” muxbiri bilan bo‘lgan muloqotda aytib o‘tdi.

Foto: “Daryo”

Oldinroq Toshkent shahrining 5 ta tumani chiqindi suvlari Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidan Bo‘zsuv kanaliga deyarli tozalanmagan holda oqizib yuborilayotgani va bu aholi hayotiga katta xavf solayotgani qayd etilgan maqola chop etilgan edi.

Unda Bo‘zsuv kanali atrofida yashayotgan aholi vakillari ko‘p yillardan buyon achimsiq hid va turli hasharotlardan bezor bo‘lgani qayd etilgan. Lekin e’tirozlarni hech kim eshitmayotgani va muammoga haligacha yechim topilmagani aytilgan.

Maqola chop etilgandan so‘ng, asl holatni ko‘zdan kechirish maqsadida Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasiga jurnalistlar taklif etildi. Stansiya xodimlari tomonidan poytaxtdan oqib keluvchi oqova suvni stansiyasiyaga kelib quyilishidan to chiqib ketishigacha bo‘lgan jarayon ko‘rsatib berildi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasida 1995-yildan boshlab uskunalar eskirib, 2010-yilgacha abgor ahvolga kelib qolgan. 2014-yilda Xitoy, Daniya va Angliyadan zamonaviy uskunalar keltirilib, stansiya modernizatsiya qilingan. Ungacha kanalizatsiya suvlarining 30-35 foizi tozalanib kanalga oqizilgan bo‘lsa, modernizatsiyadan keyin chiqindi suvlarini tozalash 75 foizga ko‘tarilgan.

Yakunda Bo‘zsuv kanaliga oqizib yuborilayotgan suv tekshirilganda hech qanday axlat topilmadi. Mutaxassislar kanalning qorayib ko‘rinishi va achimsiq hidga boshqa omillar sabab bo‘layotganini bildirdi.

Foto: “Daryo”

Achimsiq hidga GES aybdor(mi?)

Texnolog Do‘nanboy Kazibekovning aytishicha, reja bo‘yicha Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidan chiqqan suv kanal suviga qo‘shilib, 15—20 kilometr oqqandan so‘ng toza holatga keladi. Shundan so‘ng suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin.

Shuningdek, kanalda sekundiga stansiyadan chiqayotgan 7—8 kub metr suvdan tashqari yana 10 kub metr toza suv oqishi kerak. Shundagina stansiyadan chiqayotgan suv bilan kanaldan kelgan suv qorishib normallashadi.

“Lekin bu jarayon ba’zi bir obyektiv sabablarga ko‘ra o‘zgarib ketdi va muammoga aylandi. Yoz oylarida kanalga keladigan suv kamayib ketadi. Biz hammayoqqa yozamiz, bu yerda xalq sassiq hiddan qiynaladi. Haqiqatan ham, 2 kilometr joyda suv turg‘unlashib qoladi va yomon hid ko‘tariladi. Hid kunduz paytda unchalik bilinmaydi. Kechasi namlik yuqori bo‘lib turgan vaqtda cho‘kinmalar tepaga ko‘tariladi va hid chiqadi. Kechki vaqtlarda kunduzgiga qaraganda ko‘proq hid ko‘tariladi”, — dedi texnolog.

Foto: “Daryo”

Uning ta’kidlashicha, stansiyadan keyin 2 kilometrda suvni to‘xtab qolishiga 14-GES modernizatsiya qilinayotgani sabab bo‘lmoqda.

“Bu muammo hozir paydo bo‘lgani yo‘q, avval ham shunday holat kuzatilgan. O‘sha paytda shahar hokimi ham, DXX xodimlari ham kelgan. Biz ularga aniq faktlarni taqdim etganmiz. Tegishli tashkilotlar bilan 2018-yilda bayonnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, GES modernizatsiya qilinayotgan paytida ham Bo‘zsuv kanalidagi suv to‘xtatib qo‘ymasligi qayd etilgan. Lekin GES xohlagan vaqtda suvni to‘xtatib qo‘ymoqda. Ular suvni to‘xtatishdan avval buni biz bilan muhokama qilish kerak. GES 2 kub metr kanal suvini va 8 kub metr stansiya suvini favqulodda holatlarda chiqish yo‘lidan o‘tkazmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Kazibekov.

Foto: “Daryo”

“Quyi Bo‘zsuv GESlar kaskadi” unitar korxonasi rahbari Qobiljon Primqulovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, GES hozirgi kunda bor suvni o‘tkazib kelmoqda va qancha suv bo‘lsa o‘tkazishga tayyor. Kanalga qo‘shimcha 10 kub metr suv berilishiga GES mas’ul emas. GESdagi qurilish ishlarining birinchi agregati 2020-yilning mart oyida va ikkinchi agregati kuz fasliga borib, ishga tushishi rejalashtirilgan.

Kanal suvining qora rangga bo‘yalishi

Foto: “Daryo”

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi texnologlarining aytishicha, Bo‘zsuv kanalini qora rangga kirib qolayotganiga poytaxtdagi tekstil korxonlarining bo‘yoqlari sabab bo‘lmoqda.

“Toshkent shahrida 5 ta tekstil korxonasi oqova suvga bo‘yoqlardan chiqqan chiqindilarni oqizadi. Bo‘yoqlarni Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi uskunalari tozalay olmaydi. Chunki u biologik chiqindi. Ularni kimyo-fizika metodidan foydalangan holda tozalash mumkin, xolos. Biz bu bo‘yicha qancha murojaat qilsak-da, natija bo‘lmayapti”, — dedi Kazibekov.

Qayd etilishicha, tartibga ko‘ra shahardagi teri mahsulotlarini qayta ishlash va avtomobil yuvish korxonalarida biologik tozalash uchun mo‘ljallangan mini uskunalar bo‘lishi kerak. Lekin ularda bunday uskunalar yo‘q.

Nomiga qo‘yilgan “plomba”

Foto: “Gazeta.uz”

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidan chiqindi suvni chiqarib yuborishni yana bir yo‘li borki, u faqat favqulodda vaziyatlardagina ochiladi. O‘sha chiquvchi darvoza ko‘zdan kechirilganda, unga o‘rnatilgan plomba omonat o‘rnatilganiga guvoh bo‘ldik.

Chiqindi suv yo‘lini to‘suvchi darvozaga “54” raqamli plomba o‘rnatilgan. Plombani qayd etib borish daftari avval yo‘q deyildi, keyinroq bir daftar ko‘rsatildi. Unda birinchi qayd qilish sanasi iyun oyiga to‘g‘ri kelsa, qolgan sanalar tushunarsiz va unda plomba haqida hech qanday so‘z yo‘q.

Foto: “Daryo”

Plombani yechib olish va uni o‘rnatish qay tartibda amalga oshirilishi so‘ralganda. “Plombaga umuman tegmaymiz”, deya javob berdi Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi rahbari Jamshid Zufarov.

Bundan anglashiladiki, aholi vakillari aytganidek, kechki vaqtlarda chiqindi suv tozalanmasdan oqizib yuborilayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Biz bunday tushunarsiz holatdan ajablanib, shubha-gumonlar bilan qaytdik...