Toshkent shahrining 5 ta tumani chiqindi suvlari Bo‘zsuv kanaliga deyarli tozalanmagan holda oqizib yuborilayotgani aholi hayotiga katta xavf solmoqda. Mazkur holat yuzasidan “Daryo” muxbiri Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi atrofida istiqomat qilayotgan aholi vakillarining fikr-mulohazalarini o‘rgandi.

Foto: “Daryo”

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi 1962-yilda qurilgan bo‘lib, kuniga 750-770 ming kub metr suvni qayta ishlash quvvatiga ega. Stansiyada ikkita quvur orqali chiqindi suvi Bo‘zsuv kanaliga yuboriladi. Bu Toshkentdagi oqava suvlarning uchdan bir qismidan ko‘proqdir. Qolganlari aeroportdagi Salar stantsiyasiga va Chirchiqdagi Bektemir inshootlariga to‘g‘ri keladi.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanaliga oqizilayotgan chiqindi qanchalik darajada suvni ifloslayotganini ko‘rib va suvdan taralayotgan badbo‘y hiddan bilish qiyin emas.

Foto: “Daryo”

Achimsiq hid kelib turgan Bo‘zsuv kanali yoqasida joylashgan “Ibrat” mahallasiga borganimizda u yerda yashayotgan aholining “og‘zi boylangan”iga guvoh bo‘ldik. Chunki ko‘pchilik xalq vakilllari Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasida mehnat qiladi, “g‘ing” deganini ishdan olish bilan tahdidlar qilingan.

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidan deyarli tozalanmay tushayotgan iflos suv 60 kilometr oqib, Sirdaryoga quyiladi. Ayonki, kanaldan nafaqat tomorqa sug‘orishda, balki ichimlik suvi sifatida foydalanmasliklariga kim kafolat bera oladi?

Foto: “Daryo”

Aeratsiya stansiyasining ishlash prinsipi juda murakkab. Suvni tozalashda aeratsiya, faollashtirilgan loy, filtrlar, cho‘kindi rezervuarlari ishlatiladi. Ideal holda, ishlov bergandan keyin oqizilgan suv kanalning ekologik holatiga zarar yetkazmasligi kerak. Ammo “Suvsoz” DUK o‘z veb-saytida Bo‘zsuv stansiyasida tozalash samaradorligi atigi 52% ekanligini tan oladi. Lekin suv holatidan bunga ishonish juda qiyin.

“O‘zgidromet”ning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, kanaldagi suvning sifati toza suvlar hisobiga ifloslanish darajasi o‘zgarib turadi. Suv asosan neft mahsulotlarining chiqindilaridan ifloslanadi.

Foto: “Daryo”

Hududdagi “Ibrat” mahalla fuqarolar yig‘ini mutaxassisi Saodat Niyozovaning aytishicha, 2 yil avval Prezident maslahatchisi bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda muammolar aytilgan. Lekin hech qanday natija bo‘lmagan: “Hokimlik va boshqa juda ko‘p tashkilotlarga yozdik, aytdik. Afsuski, natija yo‘q. Zangiota tumani ekologiya bo‘limidan kelib, hammasi yaxshi ekan, deb ketishdi. Birorta xatimizga javob kelgani yo‘q. Xatlarimizni stansiyaga yuborishayotgan ekan. Stansiyaga kirsak, bitta quvurni ko‘rsatishmoqda. Haqiqatan ham, undan toza suv chiqyapti. Lekin qolgan quvurlarni ko‘rsatishmadi”, — dedi Saodat Niyozova.

Mahalla mutaxassisining qo‘shimcha qilishicha, kechqurun eshik-derazalarni ochib bo‘lmaydi, hammayoq sasib ketadi.

“Kechki 21:00 da hovlida o‘tirib bo‘lmay qoladi. Mening hovlim kanalga yaqin emas, shunday bo‘lsa ham achimsiq hid boryapti. Bu yerdan birov uy ham sotib olishni ismayapti. Chunki hamma kanalning sassiq hididan bezor bo‘lgan. Kunlar juda isib ketgan vaqtda kanal yonidan kunduzi ham o‘tishning iloji bo‘lmay qoladi”, — deya ta’kidladi u.

Bo‘zsuv kanali: kanalning (chap tomondagi rasm) Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasigacha bo‘lgan holati, o‘ng tomondagisi esa chiqindi suvi to‘kilishi boshlangan holati

Mahalla faoli Mirkamol Mirjalilovning aytishicha, Toshkent viloyati hokimining qabuliga kirib, bir necha bor murojaat qilingan, lekin natija bo‘lmagan.

“Milliy gvardiya rahbari 10-iyulda bizni qabul qildi, unga ham masalani aytdik. Lekin hech kim kelib o‘rgangani yo‘q. Tuman hokimi esa bu muammoni o‘rganayotganini aytdi, xolos”, — dedi Mirjalilov.

Ismi sir saqlanishini istagan shu mahallada yashovchi fuqaroning bildirishicha, kanal suvi Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi tufayli 1995-yildan buyon iflos bo‘lishni boshlagan.

“Yoshligimizda shu kanal suvida cho‘milar edik. Suv toza, tagi ko‘rinardi. Hatto shu suvdan ichardik. Hozir suvning iflosligidan qo‘l yuva olmaysiz. Asosan kechasi axlat to‘la suv oqiziladi. Chivinlar hamma yog‘imizni chaqib, yomon qilib tashlaydi. Oxirgi yillarda o‘rgimchaklar ko‘payib ketdi”, — dedi u.

Foto: “Daryo”

Ismi oshkor bo‘lishini istamagan Bo‘zsuv stansiyasi xodimining aytishicha, ko‘plab texnikalar eskirib bo‘lgan, sоvet davridan qolgan uskunalardan foydalanilmoqda.

“Biz suvni axlat bo‘lsa ham to‘kib yuborishga majburmiz. Chunki, suvni to‘kib yubormasangiz, u qaynab ketadi. Ortiqcha suvni to‘kib yuborish kerak. Ko‘pincha uni kechasi, dam olish kunlari esa soat 9 dan keyin ochamiz. Aslida qoida bo‘yicha, iflos suvni faqat favqulodda vaziyatlarda ochishingiz lozim. Ammo biz uni tez-tez ochib turamiz. Komissiya kelganida uni yopamiz”, — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xodimlar o‘zlariga yuklatilgan vazifalardan tashqari ishlarga ham jalb qilinadi. Shikoyat yoki rad etilgan taqdirda darhol ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilishadi.

Bo‘zsuv kanali: Qizil bilan belgilangan joydan kanalga Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi chiqindi suvi to‘kilishi boshlanadi. Yandex. Xarita

“Suvsoz” davlat unitar korxonasi mutaxassislarining fikricha, ular Bo‘zsuvning ifloslanishida aybdor emas. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bunga shaharda joylashgan korxonalarda tozalash inshootlarining yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.

Ushbu masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlardan izoh kutib qolamiz.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.

Muallif:Musulmonbek Ibrohimov