Iyul oyida Buxoro shahrida yashovchi bir qator fuqarolar firibgar tomonidan kiberjinoyat qurboniga aylandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar beradi.
Respublikaning turli ommaviy axborot vositalari orqali internetdagi aldov va o‘g‘irliklar yuzasidan qilinayotgan ogohlantirishlarga qaramay, ayrim fuqarolar yo soddaligi yoki bo‘lmasa ushbu holatga ishonchsizlik bilan qarayotganligi tufayli kiberjinoyatlarning qurboniga aylanib qolmoqda.
Shu yilning iyul oyida Buxoro shahar Ko‘ksaroy ko‘chasida yashovchi 33 yoshli Salima ismli ayol, Mohitabon ko‘chasida yashovchi 39 yoshli Sardor va M.G‘ofur ko‘chasida yashovchi 45 yoshli Saida ismli ayollar internet tarmog‘idagi “Olx.uz” onlayn-e’lonlar saytiga divan sotishi to‘g‘risida e’lon joylashtirgan.
Ushbu e’lon yuzasidan bir necha bor Rossiya Federatsiyasiga tegishli telefon raqamidan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini “Sergey” deb tanishtirgan noma’lum shaxs, ulardan divanlarni sotib olishni va’da qilib, ushbu divanning pullarini “Click-Bot” pul o‘tkazish tizimi orqali ularning nomidagi plastik kartochkasiga ko‘chirib berishni aytib ishontirgan.
Shundan so‘ng, noma’lum shaxs ularning nomidagi plastik kartochkalarning 16 va 5 ta raqamlardan iborat maxfiy kodlarini aldov yo‘li bilan so‘rab olib, Salimaning plastik kartochkasidan 2 615 000 so‘m, Sardorning plastik kartochkasidan 1 313 000 so‘m, Saidaning plastik kartochkasidan 470 000 so‘mni, umumiy 4 398 000 so‘m pullarni yechib olgan.
Mazkur holat yuzasidan uchala shaxs ham Buxoro shahar IIO FMBga qilgan murojaatiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu jinoyatni sodir etgan noma’lum shaxsni aniqlash va ushlash chorasi ko‘rilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
(Mazkur holatda qayd etilgan shaxslarning ismlari qonunchilikda belgilangan normalarga muvofiq o‘zgartirib berildi)“O‘z o‘rnida yana bir bor yurtdoshlarimizga murojaat qilib, o‘zlari tanimagan, ko‘rmagan va bilmagan shaxslar bilan internet tarmoqlari orqali oldi-sotdi yoki qandaydir kelishuvlarni amalga oshirayotganda hamisha hushyor bo‘lishlarini so‘rab qolamiz. Chunki dono xalqimiz “Sinalmagan otning ortidan o‘tma”, deb bejizga aytmagan. Shunday ekan hushyorlik va ogohlik barchamiz uchun birdek foydalidir”, — dedi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xodimi Mirzo Ulug‘bek Madalimov.
Izoh (0)