“Navbahor” klubining sobiq bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis “Match TV”ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi faoliyati haqida gapirdi.
— Siz ishlagan “Navbahor” qanday klub?
— O‘zbekistonda aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Namangan shahri jamoasi. O‘tgan mavsum 14 yildan keyin ilk bor medal (bronza) qo‘lga kiritdik. Rahbariyatning maqsadlari yuqori, infrastruktura u darajada yaxshi emas. Men kelgan vaqtim biz o‘ynaydigan maydon holati dahshatli darajada edi. Mendan avvalgi murabbiylar yetakchi jamoalarga qarshi o‘yin oldidan maydonni tekislab chiqishga yo‘l qo‘ymagan ekan, shu orqali raqib o‘z o‘yinini ko‘rsata olmagan. Keyin yangi maysa to‘shaldi.
— U yerdagi mavjud o‘yinchilar tartibli futbol ko‘rsata olishga imkon berganmi?
— Bor futbolchi bilan ishladim. Ba’zilar ketdi, o‘zimiz istagandek bo‘lmasada boshqa futbolchilar olib keldik. Dastlab kelishuv bor edi: “Paxtakor”dan to‘qqiz ochko yoki undan ko‘pga qolib ketadigan bo‘lsak, klub shartnomani bekor qilishi mumkin edi. Kompensatsiya to‘lagan holda. Oxir-oqibat shunday qaror chiqarildi, lekin biz birinchi davrani mag‘lubiyatsiz yakunladik.
— “Navbahor” kimga tegishli?
— Hokimga. Futbolga jon kuydiradi, ammo uning yonida boshqa jihatlarga “qayg‘uradigan” juda ko‘plab maslahatchilar bor. “Navbahor” jamoasining “Paxtakor” yoki “Lokomotiv”ga o‘xshab puli ko‘p emas, biroq xalq jamoasi. Muxlislar klubni juda yaxshi ko‘radi, ammo ular juda qiziqqon, hatto toshbo‘ron qilishlari ham mumkin. Hech qanday murabbiy Namagandan yaxshilikcha ketmagan, u yerda talab katta. Nolisam gunoh bo‘ladi, aholi menga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘ldi. Yuqori natijaga erishmadim, biroq kuchli jamoalarga “jang” taklif qila oldik, safarda g‘alaba qozonish bo‘yicha antirekdorlar qayd etilishi to‘xtadi.
— Jamoa sizgacha g‘alaba qozonmagan edimi?
— Shunday mavsum bo‘lganki, jamoa safardagi o‘yinlarda bir ochko to‘plagan. Nima sababdan ekanini taxmin qilavering.
— Oxirigacha aytmaysizmi?
— Noto‘g‘ri futbol o‘ynashgan, buni shunday atay qolaman. Keyin murabbiy olti ming dollar jarimaga tortildi (tahririyat: gap Ilhom Mo‘minjonov haqida) va futbolga oid faoliyatdan besh yilga chetlatildi.
— O‘zbekistondagi hakamlik haqida
— Bir qarashda Sobiq Ittifoqdan tashqariga chiqqandek ko‘ringandim, biroq u yerga qayta kirdim. Biroq federatsiya boshiga mashhur hakam Ravshan Ermatov kelgach vaziyat o‘zgarmoqda.
— O‘z vaqtida Ziko, Skolari va Rivaldolarni olib kelgan “Bunyodkor” hozir qanday holatda?
— Aqlbovar qilmas pullar tugadi. Biroq akademiya ishlamoqda, o‘ynayotgan yoshlar yomon emas.
— Bu pullarni kim bergandi?
— Bir boy odam, yaqinda ozodlikka chiqdi. Uning vaqtida hatto mag‘lubiyatga ham mukofot pullari berilgan.
— Siz uchun O‘zbekiston o‘tmishda qoldi. Endi nima qilmoqchisiz?
— Muzokaralar olib boryapman. Toshkentga yaqinda boraman — 11-avgustda “Paxtakor” aviahalokatining 40 yilligiga bag‘ishlangan o‘yinda maydonga tushaman.
— Avgustda u yerlar issiq emasmi?
— Hozir sal kam oltmish daraja atrofida. Konditsionersiz kunduzgi vaqtda tashqariga chiqmagan ma’qul. Faqat kechki sakkizdan keyin mashg‘ulot o‘tkazish mumkin.
— Ramazon oyi mashg‘ulotlarga xalal bermadimi?
— Shunday holatlar ham bo‘ldi, ko‘pchilik amal qildi. Biroq dinga qarshilik qila olmaysan. Faqat Qur’onda ruxsat etilgan ba’zi istisnolarga tayanish mumkin edi, masalan, safarga chiqqanlarga yengillik bo‘lardi. Jaziramada kun bo‘yi suv ichmaslik – organizm uchun haqiqiy sinov.
— O‘zbekistonda ham “Manchester Yunayted”dagi kabi shovqin-suron, so‘kishlar bo‘ladimi?
— Har xil. Hokim o‘yindan avval qo‘ng‘iroq qilishi va “Uni emas, buni tushir” yoki “Bugun 3:0 hisobida yutishimiz kerak” kabi buyuruqlar berishi mumkin edi. Xuddi 1:0 hisobi g‘alaba emasdek. Menga bunday qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirmaslikni aytdim. Boshida kiyinish xonasiga ham kirar edi va “Siz qanday o‘yin ko‘rsatyapsiz?!” deya futbolchilarni koyib berardi. Bir marta birinchi bo‘limda hisob 0:0 edi, ikkinchi bo‘limda 3:0 bo‘ldi. O‘shanda u mazkur g‘alaba uning sharofati bilan bo‘lgani, tanaffusdagi tanbehlar foyda berganini aytdi.
Keyin hokim bilan suhbatlashib oldim, unga o‘yinchilar bilan yakkama-yakka gaplashish, bundan tashqari, o‘yindan keyingi kun suhbat qilishni maslahat berdim. Biz bir-birimizni tushundik, hammasi joyiga tushdi. Bu odam Namangan futboli uchun ko‘p narsa berdi, biroq uning maslahatchilari...
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!