1—6-avgust kunlari Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida o‘tkazilgan Xalqaro matematika musobaqasida (IMC—2019) O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 14 ta medal va 2 ta faxriy yorliqni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Jumladan, Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi 1-IDUMIning 7-sinf o‘quvchisi Anvarjon Rahmatov musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Peshku tumanidagi 18-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Jahongir Norboyev kumush medal, Qorako‘l tumanidagi 1-IDUMIning 9-sinf o‘quvchisi Olimjon Olimov, Kitob tumanidagi 1-IDUMIning 10-sinf o‘quvchisi Eldor Neymatov, Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi 1-IDUMIning 7-sinf o‘quvchisi To‘ymurod Qodirov, Urganch shahridagi 6-IDUMIning 7-sinf o‘quvchisi Bekzod Maqsudov bronza medal bilan taqdirlandi.
Shu bilan birga jamoaviy masala yechish musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqada 41 ta davlatdan ta’lim tizimi umume’tirof etilgan Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Gonkong, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Ruminiya, Bolgariya va boshqa davlatlardan 500 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar matematikaning kombinatorika, sonlar nazariyasi, geometriya bo‘limlariga oid murakkab va nostandart masalalarni yechishda bellashgan.
Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan 2014-yildan buyon o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro matematika musobaqasida ishtirok eta boshladi. O‘zbekiston o‘quvchilari 2014-yildan boshlab hozirgi kunga qadar 3 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)