10—11-avgust kunlari Toshkent shahrida Shodiyev Xalqaro fondi tomonidan tashkil etilayotgan Intellektual o‘yinlar bo‘yicha “III Yevrosiyo kubogi” bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Festival doirasida taniqli “Nima? Qayerda? Qachon?” (“Chto? Gde? Kogda?”) o‘yinining sport talqini bo‘yicha bellashuv, “Svoya igra” individual musobaqasi va ommalashib borayotgan “Hamsa” jamoaviy viktorinasi o‘tkaziladi.
Mazkur keng ko‘lamli tadbir O‘zbekistonda ilk marotaba tashkil etilmoqda. Festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekiston aholisi orasida intellektual o‘yinlarni ommalashtirishdan iborat.
Musobaqa doirasida Toshkentga Maksim Potashyov (“Nima? Qayerda? Qachon?” televizion klubining magistri), Aleksandr Rubin (“Billur ukki” sovrinining ikki karra sohibi, “Nima? Qayerda? Qachon?” Xalqaro klublar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti), Aleksandr Korobeynikov (“Nima? Qayerda? Qachon?” o‘yini bo‘yicha jahon chempioni) kabi ko‘plab dunyoning taniqli bilimdonlari keladi. Ular o‘zbekistonlik bilimdonlar bilan o‘yindagi tajribalarini o‘rtoqlashadi va intellektual o‘yinlarning har bir inson hayotida tutgan o‘rni hamda foydali jihatlari haqida ma’lumotlar beradi.
Shuningdek, musobaqada “aqlli” o‘yinlarning yosh ixlosmandlari professional bilimdonlar bilan tanishish va mahorat darslarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Tadbirda O‘zbekiston jamoalari bilan bir qatorda dunyoning turli burchaklari, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Germaniya, Latviya va boshqa davlatlarning jamoalari ishtirok etishi kutilmoqda. Joriy yilda 25 ta kuchli jamoa birinchilik uchun o‘zaro bellashadi. Turnir yakunida Intellektual o‘yinlar bo‘yicha Bakuda o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etishimkoniyatini qo‘lga kiritadigan mintaqaning eng kuchli bilimdonlari aniqlanadi.
“Nima? Qayerda? Qachon?”ning sport talqini televizion o‘yindan biroz farq qiladi: unda bir vaqtning o‘zida bir necha jamoalar birgalikda o‘ynaydi, javoblar esa yozma shaklda topshiriladi. Turnir doirasida bilimdonlarga 72 ta savol yo‘llanadi va eng ko‘p to‘g‘ri javob topgan jamoa g‘olibga aylanadi.
Turnir tashkilotchisi Shodiyev Xalqaro fondi — nodavlat xayriya tashkiloti bo‘lib, unga O‘zbekistonda tavallud topgan Fattoh Shodiyev tomonidan 1996-yilda asos solingan. Fond faoliyati yoshlarning hayotini yanada yaxshi tomonga o‘zgartirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘z salohiyatini namoyon etishda ko‘maklashish va ularning bolaligini yanada yorqinroq, baxtiyor qilishga qaratilgan.
Dastavval, talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan fond o‘tgan 23 yil ichida Yevrosiyoda ilm-fan, san’at, ta’lim, innovatsiya va xayriya faoliyatini rivojlantirish hamda targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan chinakam xalqaro markazga aylandi. Joriy yilda ham fond o‘zbekistonlik bilimdonlar ligasi — “O‘z-liga” uchun butun dunyodan mehmonlarni qarshi olishdek sharafni taqdim etuvchi mana shunday keng ko‘lamdagi intellektual tadbir tashkil etmoqda. O‘zbekistonlik jamoalarga o‘z vatanida dunyoning taniqli bilimdonlari bilan birgalikda ajoyib turnirda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat O‘zbekistonning intellektual harakatini rivojlantirishga, balki savodxonlikni oshiruvchi o‘yinlarni dam olishning bir shakli sifatida yanada keng ommalashtirishga ham imkon beradi.
Turnirga tashrif buyurishni istaganlar sevimli jamoalarini qo‘llab-quvvatlashi yoki mashhur bilimdonlar bilan tanishishlari va Intellektual o‘yinlar bo‘yicha “III Yevrosiyo kubogi” jarayonini bevosita jonli kuzatishi mumkin.
10-avgust kuni soat 10:00 da ishtirokchilar hamda mehmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlanadi va turnirning tantanali ochilish marosimi boshlanadi. Tadbir Toshkentdagi Wyndham Hotel Tashkent mehmonxonasida ikki kun — 10—11-avgust kunlari o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, fond asoschisi Fattoh Shodiyev 1953-yil 15-aprelda Jizzax shahrida tavallud topgan bo‘lib, Moskva Davlat xalqaro munosabatlar institutini (MGIMO) xalqaro huquq mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli tamomlagan. Fattoh Shodiyev siyosiy fanlar nomzodi, Qozog‘iston respublikasi Tabiiy fanlar akademiyasi a’zosi, shuningdek, Yaponiya tarixi, iqtisodiyoti va siyosati bo‘yicha 30 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi.
Fattoh Shodiyev ko‘magi ostida “I Yevrosiyo kubogi” 2015-yil Olmaota shahri va “II Yevrosiyo kubogi” 2016-yil Ostona (hozirgi Nur-sulton) shahrida, shuningdek, “Nima? Qachon? Qayerda?” bo‘yicha Jahon chempionati 2017-yil Ostona shahrida o‘tkazilgan.
Izoh (0)