Bugun, 2-avgust kuni “Chirchiq” poligonida xorijdan xarid qilingan eng so‘nggi rusumdagi harbiy texnikalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga xabar berdi.
Mazkur jangovar mashinalarning o‘ziga xosligi uning barcha qismlari avtomatlashtirilganida. Shuningdek, u yuqori tezlikda harakatlanadi, manyovrchan, sig‘imi keng.
Ularni o‘zlari biriktirilgan mexanik-haydovchilarga topshirish tantanalarida Mudofaa vazirining qurollanish va qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Qahramon Ermatov ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar harbiy xizmatchilarga bildirilayotgan yuksak ishonch, yaratilayotgan imkoniyatlar va shunga munosiblik hissi to‘g‘risida to‘xtaldi. Yangi jangovar mashinalar ham mamlakatdagi osoyishtalikni mustahkamlashga, jangovar qudratni yanada oshirishga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.
“Ejder Yalchin” jangovar mashinalari biriktirilgan mexanik-haydovchilar bundayin mas’uliyatdan mamnun. Ayniqsa, uzoq yillardan buyon xizmat qilayotgan Vatan himoyachilarining hayajoni ayricha, deyiladi xabarda.
Harbiy orkestr sadolari ostida jangovar mashinalarni qabul qilib olish, mexanik-haydovchilarga biriktirish tantanalari rosmana bayram tusida o‘tdi.
Ta’kidlash kerakki, 2018-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida qo‘shinlarni zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar bilan ta’minlash hamda mustaqil mudofaa-sanoat majmuasini yaratish ko‘zda tutilgan edi.
Izoh (0)