Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) professional bokschilarning iyul oyi uchun reytingini e’lon qildi. Bu haqda GoSport xabar berdi.
Unda o‘zbekistonlik ikki bokschi Shahram G‘iyosov (8 ta g‘alaba, 6 ta nokaut) va Shohjahon Ergashev (16 ta g‘alaba, 14 ta nokaut) yuqorilashga muvaffaq bo‘ldi.
Super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Shahram G‘iyosov ham, Shohjahon Ergashev ham yangilangan reytingda oldingi oyga nisbatan bir pog‘ona yuqoriladi. Shohjahon reytingida to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, Shahram G‘iyosov 10-o‘ringa joylashdi.
Eslatib o‘tamiz, G‘iyosov avvalgi jangida amerikalik Emmanuel Teylorga qarshi ringga ko‘tarilib, raqibini ochkolar hisobiga mag‘lubiyatga uchratgandi. Ergashev esa rossiyalik Maksim Churbanovni uchinchi raunddayoq nokautga uchratib, jangni muddatidan avval o‘z foydasiga hal etgandi.
Reytingda super yarim o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (3 ta g‘alaba, 3 ta nokaut) iyun oyidagi o‘rnidan ikki pog‘ona pastlab 8-o‘rindan joy oldi.
Qayd etish joiz, Isroil 9-iyun kuni bo‘lib o‘tgan jangda meksikalik Norberto Gonsalesni 6-raundda nokautga uchratib, g‘alabani tanatana qilgandi.
Ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev (6 ta g‘alaba, 5 ta nokaut) o‘tgan oydagi kabi ikkinchi o‘rinda qoldi.
Ma’lumot uchun, Murodjon AQShning Inglvud shahrida bo‘lib o‘tgan jang oqshomida meksikalik sobiq chempioni Karlos Karlsonni muddatidan avval mag‘lub etgandi.
O‘zbekistonlik boshqa sportchilar reytingdan o‘rin olmagan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)