Ayni kunlarda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlari doirasida fuqarolar yig‘inlarida mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish masalalariga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘tkazilmoqda. Bu haqda IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo‘lim (bo‘linma)lar boshliqlari, jinoyat-qidiruv bo‘limlari tezkor vakillari, tergov bo‘linmalarining tergovchi va surishtiruvchilari, xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari tahlil va muvofiqlashtirish bo‘linmalari xodimlari uchun o‘tkazilayotgan malaka oshirish sayyor o‘quv yig‘inlarida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, mashg‘ulotlar mobaynida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan ichki ishlar idoralari faoliyatidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishtirilmoqda.
“Sohaga oid narmativ-huquqiy xujjatlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun va qarorlarning mazmun mohiyati bilan yaqindan tanishyapmiz”, — deydi Qarshi shahar 4-sonli IIB Jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili, katta leytenant Saodat Haqberdiyeva.
“Ma’lumki, bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda jinoyatlarni sodir etishning ham o‘ziga xos usullari paydo bo‘lmoqdaki, bu esa soha xodimlarining malaka va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishni davrni o‘zi talab etmoqda. Institut professor-o‘qituvchilari mavzularni interfaol usullarda tushuntirib bermoqda”, — deydi u.
Mashg‘ulotlardan so‘ng Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan hududiy ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda mahallalarda aholi o‘rtasida “Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz” mavzusida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Shu paytga qadar Qarshi shahridagi “Paxtazor”, “Qarshi”, “Kat”, “Temiryo‘lchi”, “Yangi turmush”, G‘afur G‘ulom nomli, Qarshi tumanidagi “Mirmiron”, “Yertepa”, “Mevazor”, Nishon tumanidagi “Paxtazor”, “Paxtaobod”, Urganch tumanidagi “Turkmanlar”, Xonqa tumanidagi “Gulg‘uncha”, G‘ayrat nomli mahallalarda o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirlarda mamlakatda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, uning barqarorligiga hissa qo‘shish, xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratish tuyg‘usidan voz kechish, “har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hudud”ga aylantirish kabi mavzular haqida so‘z yuritildi.
“Bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr talablaridan kelib chiqib huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyat mazmuni ham o‘zgarib bormoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Ayni paytda, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi. E’tirof etish kerakki, huquqbuzarliklarning bir qismi doimiy ish bilan ta’minlanmagan shaxslar tomonidan sodir etilmoqda. Bunday shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olishda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi”, — deydi Institut boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov.
“Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar albatta o‘z samarasini beradi. Bunday tadbirlar yoshlarning, ayniqsa uyushmagan yoshlarning kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratishga, bandligini ta’minlashga, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga ko‘maklashishiga ayni paytda, ular o‘rtasida jinoyat sodir etishga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Qarshi shahar “Oydin” mahallasida yashovchi Zokir Sultonov.
Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan, yakka yolg‘iz keksa avlod vakillarining, ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylarning holidan xabar olish ham amalga oshirilmoqda.
“Bu yil 75 yoshga to‘ldim. Xonadonimga viloyat IIB Faxriylar kengashi a’zolari muntazam kelib turadi. Sog‘ligim yomonlashib, bir oyog‘imdan ayrilib nogiron bo‘lib qoldim. Adabiyotni, san’atni yaxshi ko‘raman. Shu bilan o‘zimni chalg‘itaman. Bugun esa poytaxtimizdan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari uyimga kirib kelganidan ham boshim osmonga yetdi. O‘zim uzoq yillar Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda samarali mehnat qilganman. Biz kabi faxriylarning xolidan xabar olayotganliklari uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga va Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilariga samimiy minnatdorchilikgimni bildiraman, — deydi Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi, ichki ishlar faxriysi, iste’fodagi podpolkovnik Ochil Rajabov.
“Biz oilada 2 nafar qiz bo‘lganmiz, ota-onamiz erta vafot etgan, opam Gulnazem turmushga chiqmagan. O‘zim 18 yoshimda turmushga chiqib, bir qizli bo‘lganidan keyin turmush o‘rtog‘im bilan kelisha olmay ajrashganman, 2012-yil qizimni uzatganimdan keyin opam bilan ikkovimiz yashamoqdamiz. Oxirgi yillarda oilamiz juda qiynalib qolgan edi, uyimizning tomidan kuz-qish mavsumida chakki o‘tar edi. Mahallamiz raisi boshchiligida faollar, qo‘ni-qo‘shnilarimiz bu yil uyimizning tomini yangidan yopib berdi. Bugun uy yumushlari bilan shug‘ullanayotganimizda, xonadonimizga ichki ishlar organlari xodimlari kirib kelganini ko‘rib, juda xursand bo‘ldik. Ularning yurt tinchligini saqlashda olib borayotgan xizmatlariga zafarlar tilayman”, — deydi Urganch tumani “Turkmanlar” mahallasida yashovchi Durdiposhsha Qurbonsaidova.
Shuningdek, Institut xodimlari tomonidan Qarshi tumani Mirmiron mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi Asror Sulaymonov, Xonqa tumani “G‘ayrat” mahallasida yashovchi, kam ta’minlangan oila Xamro Olimov, Urganch tumani “Turkmanlar” mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Zulfiya Tojiboyevalarning ham xolidan xabar olindi.
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan joylarda soha xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha sayyor o‘quv yig‘inlari, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda kam ta’minlangan oilalar, yakka yolg‘izlar, nogiron fuqarolar holidan xabar olish kabi ishlar joylarda davom etmoqda.
Izoh (0)