Jonivorlarning yuzida tuyg‘ular, hissiyotlar aks etmasligi ko‘pchilikni qiziqtirib keladi. Bu savolga rossiyalik biolog Sergey Glagolev javob beradi.
Menga juda ko‘p odamlar hayvonlarning “jilmayishi” borasida qiziqib savol beradi. Men ularga ishonch bilan javob qaytaraman: hayvonlar haqiqatan jilmayadi, hatto kuladi. Shunga ko‘ra, savolni quyidagi shaklda berish to‘g‘riroq bo‘lardi: “Nega inson va hayvonlar tabassum qiladi va kuladi?” Bu savolga javob berishga harakat qilaman. Faqat oldindan ogohlantiraman: inson kulgisi bo‘yicha ko‘p ma’lumotlar mavjud. Shunga ko‘ra aniq javobni kutishni tavsiya qilmagan bo‘lardim. Asosan tabassum va kulgi haqida qiyosiy etologiya (hayvonlar harakatlari haqidagi fan) nuqtai nazaridan so‘z yuritaman.
Eng asosiysi, hayvonlar “jilmayishi” yoki kulishi borasida aniq qarorga kelish zarur. Taqqoslash uchun biz inson tabassumi va kulgisini misol tariqasida olamiz. Biologiyada taqqoslanganda umumiy jihatlariga ega bo‘lgan organlar gomologik strukturalar deb bitta atama ostida nomlanadi. Aytaylik, qush qanoti va inson qo‘llari (old qo‘l-oyoqlar singari) bir-biriga gomologik struktura hisoblanadi. Organlardan tashqari, nasliy o‘tgan genning umumiy belgilari ham gomologik bo‘lishi mumkin. Shubhasiz, organ va genlardan tashqari fe’l-atvorning ko‘pgina shakllari ham gomologik bo‘lishi tabiiy. Chunki u ham nasldan o‘tadi.
Organlar uchun ularning gomologiyasini belgilovchi mezonlar batafsil ishlab chiqilgan. Genlar uchun belgilangan mezon – bu ularning nukleotid izchilligining o‘xshashligi. Biroq inson tabassumi va shimpanze yoki itlar tishining oqini ko‘rsatishi gomologikmi yoki yo‘qligini qanday aniqlash mumkin? Balki ular faqat tashqi taraflama o‘xshashdir? Agar ular bir xil vaziyatda aks ettirilsa ham, hatto o‘xshash holatda bo‘lsa-da, kulgi bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan ravishda paydo bo‘ladi (biologik jihatdan bunday belgilar o‘xshash deb nomlanadi). Bundan kelib chiqadiki, maymunlarning “kulgisi” kulgi deb nomlanadi (xuddi biz “qanot” deganda qush qanotiniyam, kapalak qanotiniyam tushunganimizdek), biroq unutmaslik kerakki, bu “kulgi” inson tabassumidan farqlanadigan qandaydir holat.
Biroq organlar gomologiyasini aniqlash uchun ishlab chiqilgan ayrim mezonlar axloq shakli gomologiyasini belgilashda ham qo‘llanadi. Shunday qilib, agar ikki xil fe’l-atvorning har tomonlama o‘xshamasligida, ushbu ikki xarakterlar boshqa qaysidir qarindoshda mavjud bo‘lishi ularning gomologiyasi uchun asos bo‘ladi (o‘tish shakli mezonlariga qarang). Agar axloqning ikkala shakli ham miya neyronlarining o‘xshash zanjirlariga javob bersa, bu ham ularning gomologiyasini anglatadi (masalan, barcha yerdagi umurtqali hayvonlar – qurbaqadan tortib itlargacha qashish refleksi gomologik bo‘ladi). Bugungi kunda axloq harakatlarining gomologiyasini belgilashning boshqa imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Hatto aniq neyron zanjirlarini bilmay turib ham muayyan fe’l-atvorda miyaning qaysi uchastkalari faollashini belgilash mumkin (buning uchun pozitron-emission tomografiya qo‘llanadi). Ba’zan esa hatto qaysi genlar axloqning konkret shakli uchun javob berishini ya’ni ularning qaysi biri axloqning muayyan shaklida faolroq ishlay boshlashi va oqsil ishlab chiqarishni boshlashini aniqlash mumkin.
Demak, turli usullar yordamida orangutan, shimpanze va gorillalar aniq “jilmayishi” va kulishi belgilandi. Ehtimol, itlar ham “jilmayadi” va kuladi. Kutilmagan yangilikdan biri – kalamushlar ham kulishi mumkinligidir. Olimlar buni kashf qilishganda uzoq vaqt bunga ishonishlari qiyin bo‘ldi. Biroq hozir bu hamma tan olgan fakt hisoblanadi.
Chaqaloqlar hatto kar-soqov tug‘ilganlarida ham tabiiy ravishda kulishadi. Normal holatda chaqaloqlarning “ijtimoiy kulgisi” hayotining birinchi oyi oxirlarida chehralarni ko‘rganda (yoki uning chizilgan suratiga) javoban paydo bo‘ladi. Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, tabassum tug‘ma tabiiy holat hisoblanadi (biroq keyinchalik ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi).
Kulish haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Shunday tug‘ma axloq shakllarini deyarli har doim uning yaqin qarindoshlarida uchratish mumkin.
Insonlar ham hayvonlar ham kuladi. Ular bir-birlariga xohlagan paytlarida tabassum bilan muhabbatlarini namoyish etishadi. Shunday vaqtda tabassum bu – “tirjaygan tishlar”, bu ba’zan tahdid sifatida ham qabul qilinishi mumkin. Darhaqiqat, “zaharxanda kulgi”, “ustidan kulish” yoki “g‘olibona kulish” ham bo‘lishi mumkin. Biroq odatiy tabassum doimo “do‘stona tirjayish” sifatida qabul qilinadi. “Tishlarini ko‘rsatib” tabassum hadya etuvchi qarshisidagi insonga shunday deyishi mumkin: “Men senga nimalar qilishim mumkin, lekin qilmayman” (bu fikrni buyuk etolog Konrad Lorens aytgan). Shunday qilib, kulish – bu “tahdid” niqobi ostidagi muloyim munosabatga aylangan tuyg‘u. Buni yana “tishsiz tishlash” deb ham atash mumkin. Tabassum va “tishlash” orasida axloqning mo‘tadil shaklini belgilash mumkin. Masalan, “qitiqlab o‘ynash”da norasida va ko‘plab 2–3 yoshli bolakaylar kulish va sxemadan tashqari “tishlab o‘ynashi” mumkin.
Hayvonlarning kulgisi ko‘pincha hazillashganda, masalan, bir-birini “qitiqlab” o‘ynaganda paydo bo‘ladi. Odamsimon hayvonlar qitiqlashda insonlarga o‘xshab ovoz chiqarib kulishadi. Ayniqsa ovoz nafas olganda ham nafas chiqarganda ham chiqadi (insonlarda kulgi ovozi odatda nafas chiqarganda chiqadi, odamsimon maymunlarda esa barcha holatlarda – faqat nafas olishda). Qiziqarlisi, kulishda insonlar hech qanday harf va bo‘g‘inni talaffuz etishmaydi (olimlarning aniqlashicha kulgida artikulyatsiya yo‘q). Bu eng avvalo, kulish jarayonida insonda nutq markazi ishlash sxemasida bosim paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.
Biroq kalamushlarning kulgisini eshitib bo‘lmaydi. Ular juda ingichka ovozda kuladi va 50 kGs chastotada ultratovush uzatadi. Odatda kalamushlar bir-biri bilan o‘ynashganda kuladi.
Jilmayish va kulgi talashgan vaqtda bir-biriga jiddiy shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy hayvonlariga ham xos. Odatda kulish agressiyani to‘xtatadi va xotirjamlik vositasi sifatida xizmat ko‘rsatadi. Hazillashib tashlanish o‘yinlarida kulgi bu o‘yinligini anglatadi va haqiqatdan tishlab shikast yetkazishning oldini oladi. Bu borada kulgi ifodasi aniq bo‘lishi lozim. Insonlar bejizga haqiqiy tabassumni tahdidli “tirjayish”dan farqlashmaydi.
Albatta, insonlarda (balki hayvonlarda ham) tabassum va kulgi boshqa ko‘plab vazifalarni ham amalga oshiradi. Men ularning bir nechtasi haqida to‘xtaldim xolos.
Ko‘pincha kuladigan kalamushlar bilan o‘zining avlodi munosabatda bo‘ladi va o‘ynaydi. Kalamushlarning kulishini isbotlagan Yaak Panksepp uning mumkin bo‘lgan fuksiyalarini quyidagicha tasvirlaydi: “Kulgi – yaxshi xarakter va atrofdagilar bilan kirishimli bo‘la olish belgisi; shunga ko‘ra kuladigan kalamushlar o‘ynash uchun yaxshi sherik sifatida qabul qilinadi, bunday o‘yinlar esa ba’zan bolalash bilan tugashi ham mumkin. Kulgi – ruhiy sog‘lomlik belgisi, xuddi tovusning yoyilgan dumi kabi uning jismoniy sog‘lomligi belgisi”. Ya’ni kulgi o‘ziga mos jins vakilini tanlashda muhim rol o‘ynaydi. Ehtimol, hajv insonlarda o‘ziga yaqin insonni tanlashda rivojlangan bo‘lishi mumkin.
Kalamushlar kulgisi chastotasi nafaqat ruhiy, balki jismoniy sog‘lomlikning ko‘rsatkichi ekani isbotlangan. Chamasi, aloqa bu yerda ikki tomonlama: “xursand” kalamushlar tez-tez kuladi. Aslida ko‘p kulish sog‘liq uchun foydali. Bu insonlarga ham tegishli albatta. Insonlarda ham hayvonlarda ham miya bo‘limlarida asosiy tuyg‘ular muhrlangan. Ularga huzurlanishni ham kiritish mumkin. Hayvonlar ijobiy stimul olsa (masalan, mazali oziqa yesa), “taqdirlanish tizimi” ishga kirishadi. Neyromediator dofamin ajratuvchi muayyan neyronlar faollashadi. Shuning uchun hayvonlar ham insonlar kabi bunday vaziyatlarda ijobiy tuyg‘ularni aks ettirishadi. Shunday qilib, bu tizim insonlarda ham hayvonlarda ham kulgi bilan (hatto qitiqlashda) ifodalanadi. Kalamushlarni qitiqlash uchun ular ovqatlantirish kabi har qanday vazifani – dastagni qisish yoki labirintdan o‘tish va hokazolarni bajaradi. Bunday vaziyatlarda ovqatlanishda ham kulishda ham miya hujayralarida o‘xshash genlar faollashadi.
Izoh (0)