Prokuratura organlari 2019-yil dastlabki olti oyida voyaga yetmaganlar haqidagi qonunlar ijrosini ta’minlash borasida 1 ming 522 tekshirish o‘tkazgan, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Aniqlangan qonunga zid holatlar bo‘yicha 7 ming 459 prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan.
Natijada 7 mingdan ziyod mansabdor shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi doirasida 3 ming 16 nafar yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bola aniqlangan.
Bu borada 701 prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. Qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan 265 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2 mas’ul shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bu ma’lumotlar Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalistlarga ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha 2019-yilda amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar Dasturi” tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Prokurorlar tashabbusi bilan o‘tkazilgan “davomat” tadbirlari davomida 4 ming 518 nafar maktab va kollej o‘quvchisi, shuningdek 1 ming 650 nafar chet davlatlarga ketgan o‘quvchining ta’limga qaytarilishi ta’minlandi.
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida suitsid holatlarining oldini olish yuzasidan ta’lim muassasalarining pedagog va psixologlari uchun metodik qo‘llanma tayyorlandi. Farzand tarbiyasi bilan bog‘liq masalalar qamrab olingan “ota-onalar uchun eslatma”, erta turmushning salbiy jihatlarini keng aholiga tushuntirish maqsadida “Maxsus reportaj” nomli tarbiyaviy xarakterdagi videofilm ishlab chiqildi.
Izoh (0)