“Daryo” kolumnisti, bloger Eldar Asanov Toshkent va respublikaning boshqa shaharlaridagi obodonchilik ishlariga hamda bu bilan bog‘liq muammolarga o‘z munosabatini va takliflarini bildiradi.
O‘zbekiston katta qurilishga aylanib qoldi. Qayerga bormang qurilish. Toshkentda ham, viloyatlarda ham. Bu yaxshi bir qarashda: yangi binolar ko‘payib, shaharlarning chiroyi ochiladi. Lekin masalani chuqurroq o‘rgansangiz, vaziyat murakkabligi ko‘zga tashlanadi.
Poytaxtni, shaharlarni, tuman markazlarini yangi binolarga to‘ldirib, respublika rahbariyatiga o‘zini ko‘rsatishga urinayotgan hokimlar-u katta-kichik amaldorlar hovliqib, o‘zlarining bu ishlarda mutlaqo tajribasizligini ko‘rsatib qo‘yapti. Xabar saytlarini kuzatsang, bir kun tadbirkorga tegishli bino ruxsatsiz, tegishli hujjatsiz buzib tashlangan; bir kun oddiy odamlar buzilish vasvasasiga tushib qolgan amaldorchalar tufayli ko‘chada qolgan; bir kun yosh bola vayronalar ichida qolib ketib, O‘zbekistonda kichik Suriya dahshatlarini boshidan kechirgan...
O‘zingizni bosib oling, afandilar! Kuch ishlatib uylarimizga taraqqiyotni olib kirib bo‘lmaydi. Yaxshilikka yomon vositalar bilan erishib bo‘lmaydi. Sovetcha uslublardan voz keching. Odamlarni eshitishni o‘rganing. Ular sizlardan bor-yo‘g‘i insoniy munosabatni talab qilyapti. Balki maqsadingiz oliyjanobdir, lekin odamlarning yodida chiroyli binolar emas, ulardan oldin orqa-ketga qaramay amalga oshirilayotgan buzilishlar qolyapti.
Qurilayotgan yangi binolarning sifati – alohida mavzu. Savol tug‘iladi: o‘zi bu yangi qurilishlar shaharlarning fayziga fayz qo‘shyaptimi, rostdan ularni zamonaviylashtiryaptimi? Yangi ko‘p qavatli uylar to‘kilib ketayotgani, kuchli yog‘ingarchilikka chidolmayotgani haqida-ku, ko‘p yozildi. Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor: qurilayotgan “yangi” binolar yaqinda qurilgani bilangina diqqatga sazovor. Ularning bari bir-biriga o‘xshash qilib (rangi ham bir xil!), shosha-pisha qurilgani tufayli shaharlarimiz me’morchiligini boyitmayapti. Aksincha, shaharlar bir-biriga o‘xshab qolyapti, o‘ziga xosligini va fayzini yo‘qotyapti. Birinchi marta Qo‘qonga borgan odam uni Shahrisabz bilan chalkashtirib yuborishi hech gapmas. Salkam uch ming yillik ko‘hna Samarqandning ahvolini ko‘rganda, dilimdagi og‘riqni yashira olmayman. Kichik tuman markazlarini-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. O‘zbekistonning kichik shaharlari allaqachon qo‘ng‘ir tusdagi beo‘xshov binolar uyumiga aylanib qoldi. Qurilishlar shaharlar chiroyini ochmadi, ularni o‘ziga xosligidan mahrum qildi.
Shunday qilib, mening nazarimda, shaharlarimizni zamonaviylashtirish, binolarni yangilash bo‘yicha qilinayotgan ishlar asosan teskari natija bermoqda.
Odatda biror tanqidiy narsa yozsang, “hadeb noliyvergandan ko‘ra biror taklif ber undan ko‘ra”, deb og‘zingga urishadi. Aslida har qanday tanqidchi ham taklif berishi shart deb o‘ylamayman, lekin o‘zbek jurnalistikasi va blogosferasining professionallik darajasi ham hozircha yetarli emasligini tan olaman. Tanqidlar doim ham konstruktiv emas, mualliflarimiz hissiyotlarga beriladi, faktlar bilan, manbalar bilan ishlashni talab qiladigan yuqori jurnalistika rivojlanishiga esa hali ancha bor. Mening yuqorida yozganlarim ham juda asosli, juda konstruktiv tanqid emas. Shunchaki, oxirgi yangiliklarga munosabatimni bildiray dedim. O‘zimni oqlash uchun o‘z takliflarimni berib o‘taman. Xayriyatki, bu mavzuda anchadan buyon o‘ylab yurgan taklif va tavsiyalarim bor.
Toshkent shahri, Samarqand, Namangan singari ikkinchi darajadagi shaharlar, Jizzax, Shahrisabz singari “yuz mingchilar”, tuman markazlari – bularning bari O‘zbekistonning urbanistik (shaharchilik) kapitalini tashkil etadi. Va hammasi umumiy muammolarga ega. Bu muammolar birinchi galda hal etilsa, ular ko‘rkam, yashash uchun qulay shaharlarga aylanib qoladi. Buning uchun gigant qurilishlarga sarflanayotgan mablag‘ning bir qismi quyidagilarga yo‘naltirilsa yaxshi bo‘lar edi:
- Bizga chiqindi tashlaydigan qutilar (urnalar) zarur. Juda ko‘p! Toshkent shahrida ba’zan qo‘limdagi paketni yoki baklajkani tashlash uchun urna topolmay qolaman. Chekka tuman markazlarini gapirmasa ham bo‘ladi. Har 50–100 metrda urnalar bo‘lishi shart. Urnalar faqat ko‘chalarda, bog‘larda emas, bog‘cha, maktab, universitetlarda, barcha binolarning kirishida, ularning har bir qavatida, bozorlarda, supermarketlarning har burchagida, avtobus bekatlarida, metro stansiyalarining ichida bo‘lishi kerak. Plastik, qog‘oz va boshqa turdagi chiqindilar uchun alohida urnalar o‘rnatilishi kerak. Shuning o‘ziyoq shaharlarimizning ozodalik darajasini keskin oshirib yuboradi. Har qadamda urnalar bo‘lsa, odamlarning ko‘pchiligi ulardan albatta foydalanadi;
- Shaharga ko‘proq ochiq, erkin hududlar kerak. Bular: maysazorlar, daraxtzorlar, kichik bog‘lar (hokimlik megalomaniyasini namoyon etuvchi Ashxobod singari bog‘larni nazarda tutmayapman), shunchaki o‘rindiqlar, stol-stullar o‘rnatilgan ochiq kortlar, ochiq maydonlar, favvoralar va h.k.
Odamlar hordiq chiqarishga, bir-biri bilan suhbatlashishga, issiq kunlarda salqin joyda dam olishga muhtoj. Talabalar va ishchilar stol-stulli ochiq kortlarda o‘tirib ovqatlanadi (restoran va qahvaxonalarda ovqatlanish odatda qimmatroq bo‘ladi, shu bois dunyoning eng rivojlangan shaharlarida aholi bemalol ovqatlanishi uchun shunday joylar yaratib qo‘yilgan), dars qiladi; bog‘larda, maysazorlarda, daraxtzorlarda o‘tirib dam oladi, suhbatlashadi, bolalar o‘ynaydi; ochiq maydonlarda velosipedchilar, rolik ishqibozlari to‘planadi, ijodkor yoshlar havaskor konsertlar berish uchun bepul maydonchaga ega bo‘ladi; favvoralar atrofi oilaviy hordiq chiqarish markazlariga aylanib qoladi – ishdan qaytgan odamlar bolalarini o‘ynatgani olib chiqadi, kechki salqinda ularni muzqaymoq bilan mehmon qiladi. Shaharlarimiz mana shunday hududlarga muhtoj. Har bir kvartalda bittadan mana shunday hudud bo‘lishi lozim. Biz esa borlaridan ham unumli foydalanmayapmiz.
Darxonda mana shunday bir xiyobon bor. Juda ajoyib – salqin, serdaraxt joy. Boz ustiga, yog‘ochdan ishlangan ajabtovur haykallar uni o‘ziga xos joyga aylantiradi. Mana shunday zo‘r xiyobon bo‘shab yotibdi. Sababi – o‘rindiqlar olib tashlangan (bittagina qolgan) va to‘siq bilan piyodalar yo‘lkasidan ajratilgan, u yerga kirish uchun falon yerdan aylanib kelish kerak. Uylar, binolar orasida qolib ketgan yana qancha kichik xiyobonlarni, xususan, Gagarin kinoteatri qarshisidagi do‘konlar to‘sib qo‘ygan, kaptarlar to‘planadigan ajoyib xiyobonni esga olish mumkin;
- Binolar, muassasalar, ularning atrofidagi yashil hududlar aholi uchun ochiq bo‘lishi kerak. Rasmiy binolar vahmi odamlarni hurkitadi. Shahar markazidagi monumental binolar atrofidagi salqin daraxtzorlar, maysazorlardan aholi foydalana olmaydi. Bunday hududlar shaharliklar uchun ochiq hudud bo‘lishi lozim (axlat bo‘lib ketmasligi uchun chiqindi qutilari o‘rnatilsa kifoya). Binolarga kirib chiqish erkin va oson bo‘lishi lozim. Bu aslida ichki turizmning bir qismi – odamlar hali Toshkentdagi ko‘p binolar bilan yaxshi tanish emas. Navoiy nomli kutubxonada, Adliya vazirligida, sud binolarida va boshqa tashkilotlarda tashrifchilar uchun ochiq qavatlar tashkil etilishiga nima deysiz?
- Shaharlar san’atga muhtoj. Katta-kichik haykallar, monumental suratlar, gulzorlar – bular shaharning ko‘rkini, shaharliklarning bahri dilini ochadigan narsalardir. Afsuski, O‘zbekiston shaharlarida san’at juda kam. Buni hech bo‘lmaganda Ozarbayjon poytaxti Bokudan o‘rganishimiz mumkin – u yerda shaharliklarning sevimli maskani, mana shunday haykallar, gulzorlar va favvoralarga to‘la Torgovaya ko‘chasi va Sohil bog‘i bor;
- Shahar infrastrukturasi shaharliklarga chiroyli osmono‘par binolardan ko‘ra muhimroqdir. Shahar yashash uchun qulay bo‘lishi kerak. Yo‘llarning ravonligi, jamoat transporti sifatli va tezkor ishlashi shaharning shaharligini belgilaydi. Agar Toshkentda avtobusda bir yerga boraman desangiz, kechikishingiz tayin: aniq grafiklarni topish mushkul, avtobuslar nuqul kechikadi, kechikmaganida esa to‘lib-toshib, foydalanish uchun juda noqulay bo‘ladi (avtobuslarning og‘irini yengil qilib turadigan trolleybus va travmayning-ku, bahridan o‘tvordik). Xullas, soatday ishlaydigan jamoat transporti shaharning qulayligini o‘n karra oshiradi. Shaharliklar mobil telefoni orqali qaysi avtobus, qaysi metro yo‘nalishi poyezdi soat nechchida kelishini bilsa, shunga qarab yo‘l rejasini tuzsa, odamlarning mushkuli oson bo‘ladi: ular bekatlarda yarim soatlab avtobus kutishdan qutuladi, kech qolishlar kamayadi. Buni Google Maps’ga shahar jamoat transporti haqidagi ma’lumotni kiritib hal qilsa bo‘ladi.
Darvoqe, transport shaharning barcha nuqtalarini to‘liq qoplashi juda muhim;
- Shaharda tungi hayot bo‘lishi lozim. Shaharda yo‘llar uzoq, kechki navbatda ishlaydiganlar ham ko‘p. Ular, tun-u kun ishlaydigan jamoat transportidan tashqari, yopilmaydigan do‘konlarga, tamaddixonalarga, supermarketlarga, hordiq chiqarish joylariga muhtoj; ishdan keyin bir yerda o‘tirib dam olishga yoki oilaviy sayr qilishga muhtoj.
Jamoat hojatxonalari ham shunday muassasalar qatoriga kiradi. Shaharlarda erta-yu kech ishlaydigan bepul hojatxonalar yetarli miqdorda bo‘lishi kerak;
- Dam olish kunlarida shaharliklar vaqtini boshqacharoq, mazmunliroq, maroqliroq o‘tkazishga urinadi. Bunga sharoit qilib berish kerak. Avvalo, yuqorida tilga olingan muassassalar odatdagidan ko‘proq – tungi 02:00–04:00 largacha ochiq bo‘lishi lozim. Shunga yarasha, metro poyezdlari, avtobuslar ham tungi 02:00–04:00 largacha qatnashi lozim (masalan, Vashington shahrida shunday). Tunda transport topish Toshkentning eng katta muammolaridan biridir.
Bundan tashqari, dam olish kunlarida bepul konsertlar, tomoshalar o‘tkazish, shaharning va unga qo‘shni hududning diqqatga sazovor joylariga arzon safarlar tashkil etish mumkin. Masalan, men yakshanba kuni oilam bilan Toshkent viloyatining biror go‘zal maskaniga borib kelishni xohlayman. Bunga ko‘p pul sarflashim, mashina qidirib yurishim kerak, kechki payt qaytishda mashina yanada kattaroq va qimmatroq muammoga aylanadi. Turistik firmalar mana shunday bir kunlik arzon safarlarni tashkil etsa, avtobus bilan odamlarni guruh-guruh qilib aylantirib kelsa, o‘ylaymanki, talabgor juda ko‘p bo‘ladi.
Eng muhimi, shaharlarni obodonlashtirishda bir narsani asosiy prinsip qilib olish lozim: shaharning ko‘rkini ochadigan narsa yangi binolar emas, shu shaharlarda istiqomat qiluvchi odamlardir. Shunday ekan, shahar odamlar yashashi uchun qulay bo‘lishi, ko‘chalar odamlarga to‘lib turishi lozim. Buning uchun esa odamlar shaharga emas, shahar odamlarga xizmat qilishi lozim. Bizga jonsiz vahimali yangi binolar emas, yashash uchun qulay shahar va shaharchalar kerak.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)