O‘zbekiston sharafini himoya qilgan erkin kurashchi Artur Taymazovning 2012-yilgi London Olimpiadasida qo‘lga kiritgan oltin medali olib qo‘yildi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytida xabar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, doping tahlilni qayta ko‘rib chiqish natijasida sportchining qonidan taqiqlangan turinabol moddasi topilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda Taymazovning 2008-yilgi Pekin Olimpiadasidagi oltin medali ham bekor qilingandi. O‘shanda uning qonidan turinabol hamda stanozolol taqiqlangan moddalari topilgandi.
Endilikda Artur Taymazovning hisobida 2000-yilgi Sidney Olimpiadasidagi kumush hamda 2004-yilgi Afina Olimpiadasidagi oltin medallar qoldi.
Ma’lumot uchun, Taymazov Shimoliy Osetiyada tug‘ilganiga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Ayni damda Taymazov Rossiya Dumasi deputati hisoblanadi. Shu bilan birga u Davlat dumasining jismoniy tarbiya, madaniyat, sport, turizm va yoshlar masalalari bo‘yicha qo‘matasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib boradi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)