O‘zbekiston Prezidentining kenja kuyovi Otabek Umarov Tesla avtomobilida tezlikni oshirgani uchun 1,8 million so‘m jarima to‘ladi. Bu haqda u Instagram’dagi sahifasida ma’lum qilgan.

Foto: Instagram / Otabek Umarov

“Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda men bilan bog‘liq videoning tarqalgani Prezidentimizning ochiqlik va so‘z erkinligi siyosati amalda ekanini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.

Jurnalistlar va blogerlar haqiqatan ham real hayotimizda bor muammolarni ko‘tarib chiqayotgani quvonarli. Sizlar jamiyatda ro‘y berayotgan voqealarga befarq emasligingiz, odamlarning mavqei va lavozimidan qat’i nazar tanqid qilayotganingiz bizni o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashga va tartibga rioya qilishga chaqiradi.

Bugunoq barcha jarimalar to‘landi. Qonun barcha uchun barobar! Shu fursatdan foydalanib, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jonkuyar xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!” — deydi Umarov jarima kvitansiyasi aks etgan fotoga qoldirilgan izohda.

Foto: Instagram / Otabek Umarov

Jarima Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−3-moddasi 3-qismiga (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborganligi) asosan tayinlangan.

19-iyul kuni “Ozodlik” radiosi Otabek Umarovning Instagram-akkaunti Stories bo‘limida joylashtirilgan videoni e’lon qilgandi. Videoda Umarov Tesla avtomobili tezligini soatiga 201 kilometrgacha chiqarganini ko‘rish mumkin.