2018-yildan e’tiboran Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi aralash tarkibdagi harbiy qism askarlari o‘rtasida o‘n beshdan ziyod yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovi orqali yosh mutaxassislarning kasbga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qiladi.
Nukus poligonida garnizondagi harbiy qismlardan birining artilleriya mutaxassislari o‘rtasida ana shunday ko‘rik-tanlovning birinchi bosqichi murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.
Shiddatli bellashuvlarda muddatli harbiy xizmatchilar bir necha oy davomida artilleriya qurollaridan oqilona foydalanish va nishonlarni aniq mo‘ljalga olib, yo‘q qilish ko‘nikmasi amalda sinaldi.
Musobaqa shartidagi ko‘zda tutilgan mashqlarda askarlar yakkalik va jamoaviy me’yorlarni shiddat bilan bajarishi professional ko‘nikma va bir necha yillik tajribaga ega bo‘lgan artilleriyachilarda ham taassurot qoldirgani shubhasiz.
Jamoa sha’ni va g‘alaba uchun kurashda artilleriyachilar “Eng ilg‘or artilleriya mutaxassisi” ko‘rik-tanlovining “Stvolli artilleriya mutaxassisi”, “Reaktiv artilleriya mutaxassisi” hamda “Minomyot artilleriya mutaxassisi” kabi nominatsiyalarida qatnashdi.
G‘olib va sovrindorlar tegishli tarzda diplom, kubok hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, harbiycha an’anaga aylangan “Artilleriya estafetasi” bahslari ham mazkur harbiy qism hayotida ommalashib bormoqda.
Bo‘linmalar bilan o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa askarlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratib, ilg‘orlarni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
https://www.youtube.com/watch?v=ReHv0xxSw4A&feature=youtu.be
Izoh (0)