Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Hududlarda uy-joy kommunal soha infratuzilmasini rivojlantirish muammolari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma’lum qiladi.
Unda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev, vazir o‘rinbosarlari Nazirjon Nazirov, G‘ofir Jamolov, Tohir Haydarov va vazirlikning boshqa mutasaddilari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yaxshilash uchun davlat budjeti hisobidan 926,4 mlrd so‘m va xorijiy investitsiyalar hisobidan 95 mln dollar miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Davlat Investitsiya dasturi bo‘yicha hududlardagi 328 ta qishloq aholi punktida ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi.
Respublikada ichimlik suv manbasi mavjud bo‘lmagan 1700 ta olis aholi punktiga va 1100 dan ortiq ijtimoiy muassasa obyektiga jami 2000 ga yaqin maxsus texnika orqali toza ichimlik suvi tashib berilayotgani ma’lum qilindi.
Jurnalistlar aholi mavsumiy foydalaniladigan issiqlik tizimi uchun nega yil bo‘yi pul to‘lashi lozimligi haqida savol berdi.
“Respublika bo‘yicha mavjud 34 500 ta ko‘p vaqatli uyning 60 foizi markazlashgan issiqlik tizimi loyihasi bo‘yicha isitiladi. Bu eski loyiha bo‘yicha qilingani va ochiq tizimda ishlagani bois juda katta elektr energiyasi va toza ichimlik suvini talab etadi. Ya’ni, sovuq suvni olib, gazni xarid qilib, issiq suvni yetkazib berish katta xarajat talab qiladi. Agar bu xarajat uch oyga bo‘linadigan bo‘lsa, aholiga og‘irlik qiladi. Shuning uchun bu summani 12 oyga bo‘lamiz. Yilning qolgan 9 oyida esa issiq suv ishlab chiqaramiz”, — dedi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev.
Vazir o‘rinbosari Nazirjon Nazirovning aytishicha, respublika bo‘yicha 34 mingta ko‘p qavatli uyga 4500 dan ortiq shirkat xizmat ko‘rsatyapti. Har bir uy xatlovdan o‘tkazilgan va ularning 20 mingdan ortig‘i ta’mirga muhtoj, 450 dan ortiq avariya holatidagi uylardir.
“Tasdiqlangan Dasturga ko‘ra, 2021-yilgacha mahalliy, respublika budjeti va bank kreditlari asosida O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uylarning barchasini to‘liq ta’mirlanadi. Shu maqsadda tijorat banklaridan 1 trln 260 mlrd so‘mlik mablag‘ jalb qilingan. Bu mablag‘lar xalqdan tushayotgan pul bilan qoplanishi kerak. Ammo bugungi kunda 150 mlrd so‘mlik muammoli kreditlar paydo bo‘lgan. Majburiy to‘lovlarni undirish masalasi ayniqsa, Toshkent shahrida yaxshi ketmayapti”, — deya ta’kidladi Nazirjon Nazirov.
Mutasaddilar ichimlik suvi tashib yetkaziladigan eng ko‘p aholi punktlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro viloyatlarida joylashganini bildirdi.
“Ichimlik suvi bo‘yicha eng og‘ir ahvol Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida. Bu yerda Prezidentimizning viloyatga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar asosida maxsus loyiha amalga oshirilmoqda”, — dedi vazir o‘rinbosari Tohir Haydarov.
Loyiha asosida tumanga 77 km uzunlikdagi suv quvurlari olib kelinmoqda va bu orqali hududda 16 ta suv tarqatish markazi quriladi. Natijada aholining 76 foizi ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.
Izoh (0)