Dunyo bo‘yicha jaziramali kunlarda oftob urishidan minglab insonlar jabrlanadi, ko‘plab kishilar halok bo‘ladi, deb yozadi O‘zA.
2013-yilning iyul oyida Yaponiyada haroratning keskin oshib ketishi natijasida oftobdan jabrlangan 4000 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Shulardan 6 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 8 kishining ahvoli juda og‘ir deb baholangan. Yaponiyadagi bunday holat havo harorati 35—39 daraja bo‘lganda kuzatilgan.
Hindistonda odatda issiq keladigan may, iyun oylarida 2013-yilda 500 kishining, 2015-yilda esa havo harorati oxirgi 15 yilda birinchi marta 45 darajagacha, Machilipatnam va Tuni shaharlarida 47 darajagacha, Olloxobod (Uttar-Pradesh) shahrida 48 darajagacha ko‘tarilishi hisobiga, 1370 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan. Oftobdan jabrlanganlarning ko‘pligi bois favqulodda vaziyat holati e’lon qilinib, ta’tildagi shifokorlar ham chaqirib olingan.
2015-yilning iyun oyida havo harorati 45 darajagacha ko‘tarilishi oqibatida Pokistonning Karachi shahrida 1000 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Oftob urishining oldini olish
Oftob urishining oldini olish uchun quyidagi qoidalarga amal qiling:— boshni yengil yorqin rangdagi bosh kiyim, ko‘zlarni quyoshdan saqlovchi ko‘zoynak yordamida muhofaza qiling;— quyoshda, cho‘milish joylarida uzoq vaqt bo‘lishdan saqlaning;— quyosh nuri to‘g‘ridan to‘g‘ri tushib turgan ochiq joylarda bo‘lishdan qoching (ayniqsa, quyosh faolligi davrida – 12.00 dan 16.00 gacha);— quyoshda toblanishning davomiyligi 15—20 daqiqani tashkil qilishi, agar uzaytirish lozim bo‘lsa bu asta-sekin amalga oshirilishi. Biroq uning davomiyligi ikki soatdan oshmasligi va orada tanaffuslar bo‘lishi zarur;— quyoshda toblanish muolajasi uchun eng maqbul vaqt ertalabki va kechki vaqt bo‘lib, bu muolajani ovqatlangandan so‘ng kamida bir soatdan keyin amalga oshiring. (Bu jarayon cho‘milish bilan almashtirib turilsa yana ham yaxshi bo‘ladi);— quyoshda toblanishni yotgan holatda emas, balki harakatlanish jarayonida amalga oshiring;— issiq kunlari yengil, havo o‘tkazadigan, tabiiy matodan (kanop, paxta) tikilgan, tanadagi terning chiqib ketishiga to‘sqinlik qilmaydigan yorqin rangdagi kiyim kiying;— issiq paytda kaloriyali ovqatlar iste’mol qilmaslikka harakat qiling. Ko‘proq sut-qatiq mahsulotlari va sabzavotlar iste’mol qiling;— organizmda suv balansini ushlab turishga harakat qiling (kuniga 3 litr atrofida suv, mineral suv yoki maxsus tuzli eritmalar iching);— quyoshdan saqlanish uchun yorqin rangli soyabondan foydalaning;— vaqti-vaqti bilan yuzingizni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turing;— o‘zingizni noxush sezsangiz, shifokorga murojaat qiling va zarur choralarni ko‘ring.— issiq sharoitda ishlaganda vaqti-vaqti bilan imkon darajasida salqin joyda dam oling;— imkon darajasida ish joylarida sovutgichlar o‘rnating.
Oftob urishida birinchi yordam
Oftob urishining birinchi belgilari namoyon bo‘lgan zahoti jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni boshlang. Shu bilan birga sizning ko‘rsatayotgan yordamingiz birlamchi yordamnigina o‘z ichiga olishini hisobga olib zudlik bilan tez yordam chaqiring. Chunki siz oftob urishi qanday darajada ekanligini va buning natijasida qanday salbiy oqibatlar rivojlanishini (ayniqsa, bolalar va qariyalarda) bila olmaysiz.Oftob urishida quyidagi tadbirlarni qo‘llash tavsiya etiladi:— oftob urgan kishini soya-salqin, biroq bahavo (odamlar ko‘p to‘planmagan) namlik darajasi yuqori bo‘lmagan joyga olish;— gorizontal holda yotqizib, oyoqlarini bir oz ko‘tarib qo‘yish, toza havo bilan ta’minlash uchun yelpish;— bo‘yin va ko‘krak qafasini siqib turgan kiyimlarini yechish;— ko‘p miqdorda salqin ichimlik (bir oz miqdorda tuz va shakar qo‘shilgan mineral suv yoki oddiy suv foydaliroq) ichirish;— yuzini sovuq suv bilan yuvish;— biror matoni ho‘llab ko‘krak qafasiga bosish, ho‘llangan mato bilan butun tanasini o‘rash yoki 18-20 daraja iliq suvda cho‘miltirish;— peshonasiga sovuq kompress (sovuq suv solingan idish yoki muz) qo‘yish;— qatiq ichirish (2-3 stakan yog‘siz qatiq oftob urgan kishiga bir necha kun davomida tavsiya etiladi. Chunki qatiq organizmni tiklovchi va sovituvchi yaxshi vositalardan biri hisoblanadi);— ko‘ngli aynib qusgan bo‘lsa nafas yo‘llarini qusuqlardan tozalash, novshadil spirti hidlatish;— hushsizlik holatida nafas olish va yurak urishini tekshirib ko‘rish.
Yurak urmayotgan hollarda sun’iy nafas berish va yuragini massaj qilish.Shifokorlar oftob urgan kishilarga bir necha kun yotishni tavsiya qilishadi, chunki organizmdagi asab tizimi, qon aylanishi va boshqa bir qator buzilgan biokimyoviy reaksiyalar tiklanishi uchun shuncha vaqt kerak bo‘ladi. Ushbu tavsiyalarga amal qilish lozim. Aks holda oftob urishi, ayniqsa, bolalarda qayta takrorlanishi mumkin.
Izoh (0)