Markaziy harbiy okrugi qo‘mondonligi tashabbusi bilan 17-iyul kuni Jizzax viloyatidagi “Forish” tog‘ poligonida internet nashrlari hamda mustaqil faoliyat yuritayotgan jurnalistlar va blogerlar o‘rtasida harbiylashgan musobaqa bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mudofaa vazirligi miqyosida birinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa shartlariga ko‘ra, jurnalist va blogerlar poligonda o‘q otish mashqlarini bajarib, har biri pistolet hamda avtomatdan merganlik qobiliyatini sinovdan o‘tkazadi. Shu bilan birga, musobaqa ishtirokchilari jangovar texnikalardagi ekipaj tarkibida 10 kmga harakatlanish, kunning ikkinchi yarmida axloqiy-ruhiy to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish kabi vazifalarni bajaradi.
Shuningdek, asosiy tadbirlar rejasiga,konsert dasturi, harbiy orkestr va qo‘l jangi chiqishlari hamda taqdirlash marosimi o‘tkazilishi kiritilgan.
Tanlov yakunida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov bilan davra suhbati o‘tkazilib, otish tayyorgarligidan eng yuqori natija ko‘rsatgan bir nafar jurnalist va blogerga qo‘mondonning maxsus sovg‘asi topshiriladi.
Musobaqaning barcha ishtirokchilariga esdalik uchun harbiy anjomlar beriladi.
Tanlov bir kun ertalabki soat 09:00 dan 21:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi. Jurnalist va blogerlarni poytaxtdan kelib-ketishi uchun texnika ajratiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Markaziy harbiy okrugi Prezident tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiy bo‘linmalari Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlarida joylashgan.
https://youtu.be/T-0D_OHLxB0
Izoh (0)