O‘zbekistonlik arxeologlar tarixchi va geograf Ptolomey o‘z asarlarida tilga olgan afsonaviy Oks Aleksandriyasini aniqladi, deb xabar bermoqda “Podrobno.uz”.

Foto: “Podrobno.uz”

Qazilmalar natijalari 22—26-avgust kunlari Toshkent, Termiz va Samarqandda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati va san’ati haftaligi doirasida taqdim etiladi.

O‘zbekistonlik tadqiqotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Oks Aleksandriyasi Kampirtepa qadimiy shahri o‘rnida joylashgan.

“Biz ayni paytda shu bo‘yicha ko‘plab materiallar tayyorlayapmiz. Biz bu haqda e’lon qilamiz, toki bu joy dunyo xaritasida paydo bo‘lsin. Bu butun dunyo uchun yaxshi yangilikka aylanadi, ham olimlar, ham sayyohlarning e’tiborlarini ko‘proq jalb etadi. Barcha zarur isbot bazasi bizda bor”, — dedi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

Madaniyat va san’at haftaligi ishtirokchilariga, shuningdek, Oks Aleksandriyasining 3D-formatdagi installyatsiyasi ham namoyish etiladi, u qadimiy shaharni “qayta tiklab”, ishtirokchilarga ushbu arxeologik yodgorlikning dastlabki qiyofasi bilan tanishish imkonini beradi.