“Daryo” saytida haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.
Iyul oyidan boshlab 50 va 100 so‘mlik banknotlar va eski tangalar bilan xayrlashdik, chunki ular o‘z kuchini yo‘qotib, muomaladan chiqarildi. Ularning o‘rniga 2018-yil namunasidagi 50 so‘mlik, 100 so‘mlik, 200 so‘mlik va 500 so‘mlik tangalar muomalaga chiqariladi.
* * *
Yirik elektr stansiyalarimizdan biri bo‘lgan Tollimarjon IES xususiylashtiriladi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Birlashgan Arab Amirliklarining Mubadala Utilities kompaniyasi rahbariyati, Osiyo taraqqiyot banki hamda Energetika vazirligi vakillari ishtirokida muzokaralar o‘tkazildi. Shu yilning oxirigacha investitsiyaviy shartnoma imzolanadi.
Tollimarjon IES qurilishi 1974-yilda boshlanib, 2004-yilda ishga tushirilgan. Uchta energobloki bor, gaz yoqadi. 2016-yilda 6939,6 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.
* * *
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiyevning Farg‘onada o‘tkazgan sayyor qabuli bu haftada barchaning diqqatini tortgan mavzu bo‘ldi. Vazir bir nechta murojaatchini tinglagan va muammolarni joyida hal etishga erishgan. Biroq ko‘p o‘tmay O‘zAda Sherzod Qudbiyev aslida Farg‘onaga qarindoshinikiga to‘yga borgani, Rishtondagi “Vodiy” choyxonasida ichkilikbozlik qilgani, qabul esa sahnalashtirilgani haqida maqola chop etildi. Vazirlik matbuot xizmati qabul risoladagidek o‘tkazilgani, murojaatlar sinchiklab o‘rganilganini ma’lum qildi. Biroq choyxonadagi holat ko‘pchilikning taajjubiga sabab bo‘lgani tufayli, Adliya vazirligi voqeaga e’tibor qaratib, shaxsiy hayot daxlsiz ekanini eslatdi.
* * *
O‘zbekistonning yagona avtokompaniyasi, ko‘plab marta monopoliyada ayblangan GM Uzbekistan nihoyat o‘zgarishga qaror qildi. U nomini UzAvto Motors’ga o‘zgartiradi. 1993-yil mart oyida UzDeuAvto qo‘shma korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 2008-yil mart oyida esa GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi tuzilgan edi. Shunday qilib, bu uchinchi marta nom o‘zgarishidir.
* * *
Ushbu hafta mamlakatimiz qilichbozlik sportidagi muhim o‘zgarish bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Meksikalik 24 yoshli qilichboz qiz Paola Pliyego O‘zbekiston fuqaroligini oldi va u endilikda xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Paolo Pliyego bunday qarorga kelishiga Meksika olimpiya qo‘mitasidagi korrupsiya sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, milliarder Alisher Usmonov 2008-yildan buyon Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) prezidenti hisoblanadi. Yana eslatib o‘tish joizki, Transparency International nohukumat tashkilotining 2018-yilgi korrupsiya indeksida Meksika 134, O‘zbekiston 156-qatorda qayd etilgan (birinchida Daniya, oxirida Somali).
* * *
Termiz shahrida Damas’lar yo‘lovchi tashish yo‘nalishidan olib tashlangan edi. Bunga sabab qilib Damas’larning tartibsiz va litsenziyasiz harakatlanishi ko‘rsatilgan. Biroq ishsiz qolgan ko‘p sonli haydovchilar qattiq norozilik bildirdi. Deputatlar esa 700 nafar haydovchining ishsiz qolishiga qarshi chiqdi. Adliya vazirligi hokim qarorini bekor qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi. “Damas’chilar voqeasi” shahar hokimligi, vazirlik va deputatlar darajasidan viloyat hokimligi darajasigacha ko‘tarilib, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov raisligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Transport bo‘yicha mojaroli qaror qonun hujjatlariga muvofiqlashtiriladigan bo‘ldi.
* * *
Biz dayjestlarimizda hokimlarning nutq madaniyati buzilishlarini hamisha yoritib boramiz. Internetda tarqab ketgan yangi “zapisi” ortidan kun qahramoniga aylangan Andijon hokimiga prezident Shavkat Mirziyoyev tanbeh berdi. “Seni hurmat qilaman. Lekin internetdagi gaplar dilimni og‘ritdi. Og‘ir-bosiq bo‘l. Sadoqat boshqa, amal boshqa”, – degan prezident. Hokim ham xatosini anglab uzr so‘ragan. Prezidentning tanbehi nafaqat Andijon hokimiga, boshqa hokimlarning ham qo‘polligiga tegishli munosabat bo‘lishi lozim.
“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.