Esimizni taniganimizdan beri “ko‘p o‘qish kerak” deb qulog‘imizga quyishadi. Hozirgi zamon fani badiiy adabiyotning insonga ijobiy ta’sirini tasdiqlaydimi? Bu haqda – BBC materialida.
AQShda har kuni 1,8 milliondan ortiq kitob sotib olinadi. Buyuk Britaniyada 500 ming kitob o‘z xaridorini topadi. Hozirgi kunda ko‘ngilochar va chalg‘ituvchi vositalar ko‘pligiga qaramay, jamiyatda kitob mutoalaasini yaxshi ko‘ruvchilar ko‘pchilik.
Kitoblar bizni dunyoni tushunishga, lug‘at zaxiramizni kengaytirishga va imloviy xatolarsiz yozishga o‘rgatadi.
Lekin badiiy adabiyot barkamol inson bo‘lishimizga yordam beradimi?
Inson tabiatidagi mo‘jizakor, yaxshi xulqlarni belletristika ta’siri deb hisoblashadi: bular orasida xayriya ishlarida qatnashish istagidan tortib zo‘ravonlik hajmining kitobxonlar orasida kam uchrashigacha bo‘lgan iddaolar keltiriladi.
Mahorat bilan tasvirlangan qahramonlar kitobxonlarni voqealar girdobiga sho‘ng‘ishga majbur qiladi. Yunon faylasufi Aristotel ta’kidlaganidek, fojea guvohi bo‘layotganimizda bosh qahramon qismatiga achinish hissi vujudimizni qamrab olsa, o‘zimiz uchun qo‘rqinch hissini his etamiz.
Kitobda tasvirlanayotgan qahramon haqida o‘qiganlarimiz imkoniyatidan kelib chiqib tasavvurga ega bo‘lamiz, kitob qahramoni o‘rnida bo‘lib qolgan holatimizda, u yoki bu vaziyatda nima qila olgan bo‘lar edik deb, vaziyatni taqqoslashga, chog‘ishtirishga urinamiz, qanday yo‘l tutar edik deb o‘zimizga savol beramiz.
Bu jarayon boshqa insonlarning nuqtai nazaridan kelajakni tasavvur qilish, boshqa odamlarni tushunish mashqlariga o‘xshab ketadi. Shu bois bo‘lsa kerak, kanadalik ruhshunos Kit Outli badiiy adabiyotni “ongimiz trenajyori” deb ataydi.
Havo laynerlarini boshqaradigan uchuvchilar yer muhitida uchoqni boshqarishni o‘rganayotganiga o‘xshash, badiiy adabiyotni mutolaa qiluvchilar ham biror bir romanni o‘qishni boshlar ekan, o‘z ijtimoiy malakalarini yaxshilashi imkoniga ega bo‘ladi. Outli o‘z tadiqotlarida biz o‘zimizni qahramon o‘rnida tasavvur qila boshlashimiz bilan o‘z shaxsiy istak va maqsadlarimiz o‘rniga qahramonlarnikini qo‘ya boshlashimizni aytadi.
Qahramonlar hayoti xavf ostida qolgan paytda kitobxon yuragi tezlashadi, ular duch kelgan xavf-xatarni boshidan kechiradi. Hattoki hayajondan bo‘g‘ilish holatlari ham uchrab turadi.
Lekin bularning barchasi biz bilan sodir bo‘lmayotgani bizni tinchlantiradi va hatto qiziqish uyg‘otadi. Biz qo‘rqinch domiga tushmaymiz, xavfdan xalos bo‘lish uchun o‘zimizni oynadan tashqariga otmaymiz.
Shu bilan bir vaqtda kitobda sodir bo‘layotgan voqealarni tushunish uchun miya foydalanadigan asab tizimi mexanizmlari real hayotda foydalaniladiganlari bilan ko‘p jihatdan o‘xshashdir. Masalan, “tepdi” so‘zini o‘qiganimizda miyamizda jismoniy tepkini yuzaga keltiradigan sohalar faollashadi. Qahramon arqonning ingichga uchini ushlab oldi deb o‘qigan paytimizda ushlab olish bilan bog‘liq miya sohasi faollashadi.
Syujetni kuzatib borish uchun qahramonlardan qay biriga nima ma’lum, ular nimalarni his qilyapti va ulardan har biri boshqa qahramonlarning rejalari va fikrlari haqida nimani o‘ylayapti, buni bilishimiz kerak. Buning uchun psixik holatni modellashtirish deb ataladigan qobiliyatga ega bo‘lish lozim. Insonlar asar qahramonining miyasida qanday fikrlar borligi haqida o‘qiganida ularning miyasida aynan shunga mas’ul miya sohalari faollashadi.
O‘qish orqali o‘zgalarga xayrixohlik qilishni o‘rganar ekanmiz, badiiy adabiyot o‘qiydiganlar asosan ilmiy yoki hujjatli adabiyotni o‘qiydigan yoki butunlay kitob o‘qimaydiganlarga nisbatan yaxshiroq ijtimoiy malakaga ega bo‘ladi deya olamizmi?
Bundagi qiyinchiliklardan biri – boshqa insonlarga o‘zlari o‘qigan kitoblar miqdorini ko‘paytirib aytishning xosligi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun Outli hamkasblari bilan talabalarga badiiy va badiiy bo‘lmagan adabiyotlar mualliflari ro‘yxatini tarqatib, ulardan ro‘yxatdagi mualliflardan qay birini eshitganini belgilab chiqishni so‘radi. Tajriba qatnashchilarini sinab ko‘rayotganlar aldamayotganini tekshirish uchun ro‘yxatga soxta ismlar ham kiritilgan deb ogohlantirishdi.
Odamlar qayerdadir eshitgan yozuvchilar miqdori, ular qanchalik ko‘p kitob o‘qishini aniqlab beradigan yaxshi indikatordir.
Shundan so‘ng Outli jamoasi qatnashuvchilar bilan Mind in the Eyes (qarash bilan psixik holatni aniqlash) sinovini o‘tkazdi, bunda tarqatilgan har bir suratda faqat bir juft so‘z tasviri bor edi. Vazifa – ko‘z va uning atrofidagi imo-ishora mushaklari holatiga qarab suratdagi shaxs qanday his-tuyg‘ularni kechirayotganini aniqlash bo‘ldi. Shu bilan birga variantlar ro‘yxati ham berildi: unda tortinish, aybdorlik, orzu qilish, xavotirlanish kabi tuyg‘ular aks etdi. Ko‘z ifodasidagi farqlarni ilg‘ash murakkab, birinchi qaraganda neytral ko‘rinish mumkin, shuning uchun ham vazifa mushkulroq edi.
Lekin fakt faktligicha qoldi. Sinovda kim ko‘proq kitob o‘qigan bo‘lsa, o‘sha yuqoriroq baho oldi. Xuddi shaxslararo qabul qilish masalasi singari. Prinston ijtimoiy psixologiya laboratoriyasi xodimi Diana Tamir ko‘proq belletristika o‘qiydigan kishilar yaxshi ijtimoiy bilish qobiliyatiga ega ekanini namoyish qilib bera oldi. Boshqacha aytganda, ular o‘zgalar nimani o‘ylashi yoki his qilishini yaxshi tushunar edi. Miyani skanerlashdan foydalanib, Tamir badiiy adabiyot o‘qish vaqtida miya faolligi odamlar boshqalar haqida o‘ylayotganda faollashuvini aniqladi, ya’ni aynan bir xil miya sohasi faollashadi.
Roman o‘qiydiganlar o‘rtamiyona odamlardan ko‘ra o‘zga shaxslarning hissiyotlarini yaxshiroq tushunadi. Lekin bu ularning xulq-atvorini yaxshilaydimi? Buni tekshirish uchun tadqiqotchilar psixologiya o‘rgangan har bir kishiga tanish bo‘lgan ushbu uslubdan foydalandi: tasodifan polga bir necha ruchka yoki qalamni tushirib yuborasiz va birinchi bo‘lib sizga kim yordamga kelishini kuzatib turasiz.
Sinovdan oldin qatnashchilardan empatiyani o‘lchashga yordam beradigan savollar bo‘lgan anketani to‘ldirib berishlari iltimos qilindi.
So‘ng ular qisqa hikoya o‘qidi va bu voqea ularga qanchalik yoqqanligi to‘g‘risidagi savollarga javob berdi. Ular qahramonlarni yaxshi tasavvur qildimi? Hikoyani o‘qib bo‘lgach, qahramonlar haqida ko‘proq bilgilari kelyaptimi?
Shundan so‘ng tadqiqotchilar qo‘shni xonadan ba’zi bir narsalarni olib chiqishi kerakligi aytildi va shunda polga ruchkalar tushirib yuborildi.
Bu natija berdi. Hozirgina o‘qilgan hikoya kimga ko‘proq ta’sir qilgan bo‘lsa, qahramonga kim ko‘proq xayrixohlik qilgan bo‘lsa, o‘sha odam tezroq yordamga shoshildi va ruchkalar terib olindi.
Savol tug‘iladi: ehtimol o‘sha odamlar hikoyani o‘qimasdan turib ham o‘z tabiatiga ko‘ra ko‘proq g‘amxo‘rroq va yaxshiroqdir?
Lekin tadqiqotchilar qatnashchilarning empatiya shkalasi bo‘yicha bahosini hisobga oldi va o‘qish ko‘proq ta’sir qilganlar o‘zini ko‘proq altruist sifatida namoyon etganini aniqladi.
Albatta tajribalar alohida gap. Haqiqiy hayotda hammasi aksincha ham bo‘lishi mumkin. Atrofga ko‘proq g‘amxo‘rlik qiladiganlar ularning ichki tuyg‘ularidan ko’proq manfaatdor, bunday manfaat ularni ko‘proq badiiy adabiyot o‘qishga jalb qilar.
Bu soha o‘rganish, tadqiq qilish uchun oson emas. Idealda qatnashchilarning hayoti turli bosqichlarida, ko‘p yillar davomida, ba’zan badiiy adabiyotni o‘qib, ba’zan o‘qishni tashlagan paytlardagi empatiya darajasini aniqlab borish kerak.
Buning o‘rniga bir necha qisqa tekshirishlar o‘tkazildi. Masalan, golland olimlari talabalarga Niderlandiyadagi bayram va Gretsiyadagi isyonlar haqidagi ro‘znomalarni yoki Nobel mukofoti sohibi Joze Saramagoning “Ko‘rlik” romanidan bob o‘qishni taklif qildi.
Asar boblaridan birida zangori chiroq yonishini kutib, avtomashinasi ichida o‘tirgan erkak to‘satdan ko‘rish qobiliyatini yo‘qotadi. U bilan birga kelayotgan hamrohlari uni uyiga eltib qo‘yadi, uning mashinasini uyiga eltib qo‘yishni va’da qilgan kimsa mashinani o‘g‘irlaydi. Talabalar bu voqeani o‘qishi bilan ularning empatiya darajasi oshdi. Bir hafta o‘tgandan keyin o‘qigani kuchli ta’sir qilganlarning empatiya darajasi yana o‘sgani ma’lum bo‘ldi.
Albatta, jamiyatdagi xulqimiz va hissiyotlarimizga faqatgina badiiy adabiyotgina ta’sir qilmaydi, deb aytishingiz mumkin. Biz yangiliklarda o‘qigan odamlarning taqdiriga ham xayrixohlik qilishimiz mumkin.
Lekin nafis adabiyotda kamida uch afzallik mavjud. Biz asar qahramonining ichki dunyosiga kirib boramiz. Jurnalistikada bu yo‘q. Biz odatda romanda o‘qiyotgan odamlar va ular o‘zi haqida nima deyotganiga ishonamiz.
Romanlar biz haqiqiy hayotda qila olmaydigan ish – personajlar hayotini ko‘p yillar davomida kuzatish imkonini beradi.
Shunday qilib, tekshirishlar badiiy adabiyot o‘qish insonlarni haqiqatan o‘zini yaxshi xulq-atvorga ega bo‘lishga majbur qilishini ko‘rsatdi.
Ayrim o‘quv yurtlari allaqachon bu jiddiy ta’sirni hisobga olib, o‘z o‘quv dasturlariga ijtimoiy modullarni kiritmoqda. Masalan, Irvayndagi Kaliforniya universitetining oilaviy tibbiyot fakultetida belletristika yaxshi shifokor bo‘lishga yordam beradi, deb hisoblab, tibbiyot yo‘nalishi talabalari uchun gumanitar dastur ishlab chiqildi.
“Kitob qurtlari” real odamlar bilan real munosabatlardan qo‘rqqani uchun kitob o‘qib vaqt o‘tkazadi, degan stereotiplardan voz kechish payti kelganga o‘xshaydi. Ehtimol, “kitob qurtlari” o‘zga shaxslar va ularning hissiyotlarini boshqalardan yaxshiroq tushunar va bu faqat bo‘lajak shifokorlar uchungina foydali emas.
Izoh (0)