O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva o‘zining Facebook’dagi sahifasida barcha yigit-qizlarni O‘zbekiston yoshlari kuni bilan tabrikladi. Quyida tabrik to‘lig‘icha keltiriladi:
Yoshlik har bir inson umrining eng go‘zal va yorqin davridir.Davlatimiz tomonidan yoshlarga oid siyosatga alohida e’tibor qaratilmoqda, yangi avlod o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va hayotda munosib o‘rin topishi uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etishni o‘zining ustuvor vazifasi deb bilmoqda. Har yili yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash uchun yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda, zero kelajagimiz egalarining har tomonlama barkamol bo‘lib rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qilish mamlakatimiz taraqqiyotiga eng muhim va ishonchli hissadir.Vatanimiz gullab-yashnashi sizning tashabbuskorlik, aniq maqsad sari intiluvchanlik, professionallik va mas’uliyatni his etishdek fazilatlaringizga bog‘liq. Yurtimizning yorqin ertasi aynan sizning qo‘llaringizda. Kuchli shijoat va kelajakka ishonch yuksak marralarga erishish va to‘g‘ri yo‘lni tanlashda sizga tayanch va madad bo‘lsin. Har biringiz erishgan muvaffaqiyat, yutuq va zafarlar O‘zbekiston g‘ururini, milliy iftixor tuyg‘usini oshirishi oydek ravshan.Sizga baxt-saodat, mustahkam sog‘lik, bitmas-tuganmas kuch-quvvat, omad yor bo‘lsin! Eng ezgu tilaklar!
Izoh (0)