O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 13-martdagi “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarori asosida hamda 2019-yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yili munosabati bilan mamlakatda ko‘plab ma’rifiy tadbirlar, adabiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va o‘zbek adabiyoti” nomli doimiy ekspozitsiya faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yildan buyon buyuk shoir tug‘ilgan sana – 10-avgust kuni Toshkent shahrida o‘rnatilgan Abay Qo‘nonboyev haykali poyida mushoira, yoshlar o‘rtasida ko‘plab tadbirlar uyushtirilmoqda. “Abay asarlarining bilimdoni” insholar ko‘rik-tanlovi o‘tkazish ham an’ana tusini olmoqda.
Bu yil Abay asarlari, nasihatlari va beqiyos merosini o‘zbek tiliga mohirona tarjima qilgan va 1-o‘ringa munosib ko‘rilgan ijodkor avtomobil bilan taqdirlanadi.
Qolgan o‘rin sohiblariga ham Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi va Qozoq milliy madaniy markazi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar beriladi. Taqdirlash marosimi 10-avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)