Bugun, 26-iyun kuni Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” dala-o‘quv maydonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Mudofaa doktrinasi ijrosining ta’minlanishi hamda vazirlik faoliyatida maqsadli vazifalarni amalga oshirish holatiga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Mudofaa va Sog‘liqni saqlash vazirliklari mas’ul xodimlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Xavfsizlik kengashining 2018-yil 28-noyabrda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirishga doir berilgan topshiriqlar ijrosi muhokamasi bilan boshlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mudofaa vazirining Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasini o‘z vaqtida va samarali ijro etish bo‘yicha o‘tgan olti oy davomida Mudofaa vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar holati bo‘yicha hisobot berar ekan, mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 27-fevraldagi “2019-yilda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarni baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosiga ham to‘xtaldi.
Shuningdek, yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlarning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash yo‘nalishida ayrim kamchiliklar mavjudligi tanqid ostiga olindi. Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun barpo qilinayotgan ko‘p xonadonli uylarni qurayotgan tashkilotlarning faoliyatini nazoratga olish ishlarini kuchaytirish, viloyatlar markazlaridagi “Harbiy — vatanparvarlik bog‘lari”ni qurish ishlarini jadallashtirish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlash bo‘yicha deputatlarning takliflari tinglandi. Shu bilan birga harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish borasidagi muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shu kuni deputatlar dala-o‘quv maydonida harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlari, o‘quv jarayonlari va jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari hamda zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi bilan ham yaqindan tanishdi.
Yig‘ilish yakunida aytilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqqan holda tegishli qaror qabul qilindi.
Izoh (0)