Xalq ta’limi vazirligida talim berish masalalarida uchraydigan qonunbuzarlikni respublikaning ixtiyoriy nuqtasida bo‘lsa ham tezkorlik bilan aniqlab ularga chek qo‘yilmoqda. Majburiy mehnat, majburiy obuna, majburiy bilet sotish va boshqa o‘qituvchilarning huquqlarini buzayotgan ishlarga barham berishda Vazirlikning huquqiy-nazorat bo‘limi katta ishlar qilib kelmoqda. “Daryo” tahririyati bugundan Xalq ta’limida uchrayotgan ko‘ngilsiz qonun buzilishlar qay tarzda bataraf etilayotganligi haqida Huquqiy-nazorat bo‘limi bilan hamkorlikda turkum maqolalar qo‘yib borishni reja qildik.
Ming bir kitob qani?
Xalq ta’limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh. B., bosh hisobchi A.A. va “MDP” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari O.X. o‘z mansab lavozimini suiste’mol qilib, o‘zaro til biriktirgan holda O‘rtachirchiq tuman xalq ta’limi bo‘limi axborot-resurs markazining kutubxona fondiga 25 006 000 so‘mlik 3562 dona badiiy adabiyotlarni yetkazib berilishida 8 184 000 so‘mlik badiiy adabiyotlarni kamomadiga yo‘l qo‘yilganligi fosh etildi. O‘rganish natijalaridan so‘ng, ta’minotchi tomonidan yetkazib berilmagan 1028 dona 8 184 000 so‘mlik badiiy adabiyotlar kamomadidan 563 dona 4 175 000 so‘mlik badiiy adabiyotlar natura shaklida O‘rtachirchiq tuman xalq ta’limi bo‘limi axborot resurs markazining kutubxona fondiga yetkazilishi ta’minlandi.
***
Sifatlisi uyga, qo‘lbolasi maktabgami?
Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari yana bir qonunbuzarlikni aniqladi.
Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlarining maxsus ta’mirlash-ekspluatatsiya xizmatlarini asbob-uskunalar bilan ta’minlash niqobi ostida boshqarma boshlig‘i Sh.B., bosh hisobchi A.A., ta’minotchi “O‘S” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari K.B. bilan o‘z mansab lavozimini suiste’mol qilish yo‘li bilan boylik orttirish maqsadida til biriktirgan.
Bu kelishuvga asosan ta’minotchi 38 komplekt 103 968 000 so‘mlik sertifikatga ega gaz payvandlash uskunalari o‘rniga, muqaddam ishlatilgan, sertifikatsiz, qo‘lda yasalib bo‘yalgan, sifatsiz va yaroqsiz, hayot uchun xavfli (qo‘lbola) gaz payvandlash uskunalarni yetkazib berganligi, o‘z navbatida bu uskunalar tuman xalq ta’limi bo‘limlariga hujjatlarsiz tarqatilib yuborilganligi xalq ta’limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari tomonidan aniqlandi.
Inson hayoti va xavfsizligiga xavf soluvchi uskunalar xalq ta’limi bo‘limlaridan qaytarib olindi. Shu bilan birga, yetkazib beruvchidan natura shaklida 103 968 000 so‘mlik 38 komplekt yangi gaz payvandlash uskunalarini boshqarmaga yetkazib berilishi ta’minlanib, muqaddam ishlatilgan sifatsiz va yaroqsiz (qo‘lbola) gaz payvandlash uskunalarining xalq ta’limi muassasalariga sotilishiga chek qo‘yildi.
Hurmatli muallimlar, sizning ta’lim tizimi sohasida huquqingiz buzilmoqdami? Ta’lim tizimida noqonuniy ishlarga guvoh bo‘lmoqdamisiz? Huquqiy-nazorat bo‘limi sizlardan bunday ishlarni faktlar asosida @ustozd Telegram kanaliga ma’lum qilishingizni so‘raydi. Bu bilan siz jamiyatni korrupsiya, ta’magirlik va boshqa shu kabi illatlardan tozalashga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Izoh (0)