Kecha, 22-iyun kuni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugiga qarashli Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari tahsil olishi uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarining navbatdagi bitiruviga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib Mudofaa vazirligi “Daryo”ga xabar qiladi.
Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qo‘mita raisi Sog‘indiq Turmanov va Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Islom Ahmedov hamda Milliy gvardiya vakillari, okrug harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil noyabr oyida bo‘lgan tashrifi davomida Mudofaa vazirligi tizimida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilarni ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish, dunyoqarashshini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarni va to‘plangan tajribani keng ommalashtirish borasida ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy-vatanparvarlik tarbiyasi samaradorligini yanada oshirish, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi vazifalarni hal etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaazirligi hamda Milliy gvardiyaning hududiy bo‘linmasi xodimlarining tahsil olishi uchun tajriba tariqasida yaratilgan 15 kunlik ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslari o‘z samarasini bermoqda.
Tadbir davomidda kursning navbatdagi bitiruvchilariga tegishli sertifikat va faxriy yorliqlar topshirildi.
Izoh (0)