Joriy yilning 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Belarus Respublikasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar qiladi.
Uchrashuvda Belarus va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Belarus tomoni qishloq xo‘jaligida agrosanoat majmui sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirgan bo‘lsa, O‘zbekiston tomoni sut ishlab chiqaruvchi zavodlarni yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash, chorvachilikda sutni ko‘paytirish uchun laboratoriyalarni tashkil qilish, o‘simliklarni yetishtirish, urug‘chilik va yem-xashak ishlab chiqarish sohasida Belarus resurslarini tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalari haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, 2018-yil 12—13-sentabr kunlari Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasidagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha O‘zbekiston-Belarus hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Ishchi guruhi majlisi doirasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, O‘zbekistondan Belarusga meva va poliz mahsulotlari yetkazib beriladi.
Shuningdek, “Fan+ishlab chiqarish” formatidagi fan, ta’lim, ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali, “Texmash” MChJ, “Blyuming” MChJ, “Beluniversalprodukt” UK o‘rtasida memorandum imzolandi.
Izoh (0)