Saudiya Arabistonining “Al-Yamama” jurnali sahifalarida O‘zbekiston haqida turkum maqolalar chop etildi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov ma’lum qildi.
Avval xabar berilganidek, shu yilning 25-may — 5-iyun kunlari 11 nafar farg‘onalik jurnalist ushbu mamlakatga ziyorat va ijodiy safar uyushtirgan hamda uchrashuvlar chog‘ida maqolalarini saudiyalik hamkasblarga taqdim qilgandi. Ularning aksariyati “Al-Yamama” jurnalida nashr etildi.
“Al-Yamama” arab dunyosidagi eng katta tirajda nashr etilib, eng ko‘p tarqaladigan jurnal. Nashrning har bir soni 45 — 50 ming nusxada chop etiladi.
Jurnalning joriy yil 13-iyun kungi soni muqovasida “O‘zbekiston — ipakchilik, kulolchilik va allomalar yurti” sarlavhasi o‘rin olgan bo‘lib, u jurnalning bosh mavzusi sifatida urg‘ulangan.
Jurnal “Farg‘ona — Markaziy Osiyo gavhari” maqolasi bilan boshlanadi. Shuningdek, unda “Burhoniddin Marg‘inoniy — tiriklayin dafn etilgan olim”, “Marg‘ilon — ipakchilik poytaxti” va “Rishton — kulolchilik san’ati” sarlavhali maqolalar Ar-Riyoddagi Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi akademik direktori, Podshoh Saud universiteti assotsiat-professori, o‘zbekistonlik Murtazo Saydumarov tarjimasida nashr etilgan.
“Al-Yamama” jurnali bosh muharriri Abdullo Hamad as-Sayxan bundan keyin ham nashr O‘zbekistondagi ziyoratgohlar, buyuk allomalar, go‘zal sayohat maskanlari haqida maqolalar berib borishga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)