Bugun, 20-iyun kuni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan Nukus garnizonidagi poligonda bir necha kundan beri amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilarni farzandlari uchun dala o‘quv maydoniga sayohat uyushtirildi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati xabar qiladi.
Ertalabdan harbiy shaharchada kelib turgan avtobus birpasda bolajonlar bilan to‘ldi. Hammasining niyati bitta – harbiy mashqlarda toblanayotgan dadalarini tezroq ko‘rish edi.
Tongning mayin shabadasi ham issiqqa bardosh bera olmay turgan poligonda mashg‘ulotlar qizg‘in kechardi. Tunggi otish mashqlarini kunduzgi amaliyotlar egalladi. O‘quv nuqtalarida mashg‘ulot rahbarlari boshchiligida askarlarning amaliy ko‘nikmalari oshirilar, o‘q otish maydonlarida esa sinovdan o‘tardi.
Bolajonlarning amaliy otish mashqlarini kuzatishlari uchun tortilgan chodirlar quyosh taftidan himoyalab turdi. Qurol va o‘q dorilar bilan tanishuv, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoya vositalari va boshqa harbiy anjom-aslahalar haqidagi ma’lumotlar qiziqarli va mazmunli bo‘ldi. O‘q ovozini eshitgan bolakalaylarning hayrati o‘zgacha kechdi.
Nihoyat kutilgan onlar keldi. Mashg‘ulotlar o‘rtasidagi tanaffus kutilmagan uchrashuvga sabab bo‘ldi. Bolajonlar yurt himoyasida shay turgan dadalarini yuzlarida quvonch bilan kutib olishdi.
– Dala o‘quv mashg‘ulotlariga olib boraman, deb qizlarimga va’da berardim. Ammo uddasidan chiqa olmasdim. Bugun men va ular uchun o‘zgacha kun bo‘ldi. Poligonda bolajonlarimni ko‘rib ko‘zlarimga ishonmadim. Haqiqatan ham kutilmagan uchrashuv bo‘ldi, – deydi mayor Davron Saidov.
Uchrashuv so‘ngida bolajonlarni uylariga qaytarish juda qiyin bo‘ldi. Axir dadalari bajarayotgan amaliy mashg‘ulotlar bir-biridan qiziq va o‘zgacha edi.
Izoh (0)