15-iyun kuni Toshkent viloyatida Spark avtomashinasi haydovchisiga hujum qilib, unga shikast yetkazgan fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar qiladi.
Toshkent viloyati Toshkent tumanida 2019-yil 15-iyun kuni shu tumanda yashovchilar I.Q., A.Sh. va Toshkent shahar Olmazor tumanida yashovchi J.M.lar Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududidan D.R. boshqaruvidagi Spark rusumidagi avtomashinasiga yo‘lovchi sifatida o‘tirib, Toshkent tumani Chinor ko‘chasiga yetib kelgan vaqtlarida J.M. haydovchidan pul talab qilib, uning yuziga qo‘li bilan urib, pichoq bilan bo‘yin va ko‘krak qismlariga jarohat yetkazgan.
So‘ngra, 2 dona Samsung mobil telefoni hamda 10 Rossiya rublini olib, avtomashinani Toshkent tumani E’zoz mahallasi Yangiobod ko‘chasida joylashgan “Chinni” ishlab chiqarish sexi oldigacha boshqarib kelib haydovchi D.R.ni avtomashinada qoldirib, o‘zlari esa voqea joyidan yashiringan. Natijada D.R. kasalxonaga yotqizilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida J.M., A.Sh. va I.Q. ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)