Surxondaryo viloyati umumta’lim maktablarini a’lo bahoga tamomlagan bitiruvchilariga oltin va kumush medallarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi xabar qiladi.
Tadbirda viloyat hokimligi va viloyatdagi tashkilot hamda idoralar mutasaddi xodimlari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, maktab va maktab-internatlar direktorlari, o‘qituvchilar, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda eng iqtidorli o‘quvchilarning 220 nafari oltin va 181 nafari kumush medal bilan taqdirlandi.
Umumta’lim maktablari bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tantanali tadbiri ishtirokchilari uchun Al-Hakim at-Termiziy majmuasiga hamda Arxeologiya muzeyiga sayohat tashkillashtirildi.
Tadbir davomida joriy yilning 6—11-iyun kunlari Toshkent shahrida umumta’lim fanlari bo‘yicha 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Respublika fan olimpiadasining yakuniy bosqichida yuqori natijalarni qayd etgan o‘quvchilar ham viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va viloyat hokimligining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” Respublika tanlovining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma olgan g‘oliblarga viloyat hokimligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan sovg‘alar topshirildi.
Izoh (0)