O‘zbekistonda 2018-yilning sentabrida Hisor qo‘riqxonasidan topilgan ikkita qor qoploni — ilvirslar yurak-qon tomir kasalligidan nobud bo‘ldi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: “Gazeta.uz”

Bu O‘zbekistonda topilgan birinchi qor qoploni bolalari edi. Ular respublika hududida bu turdagi hayvonlar ko‘payayotganining ishonchli dalili edi. Uch oylik bo‘lgan ilvirs bolalari vaqtinchalik saqlash va karantin uchun Toshkent hayvonot bog‘iga joylashtirilgan edi.

Ular keltirilishi bilan to‘liq tinchlik, zaruriy davolanish va yoshini inobatga olgan holda ularning ratsioniga ko‘ra 3 mahal ovqat bilan ta’minlangan va tomosha qilishga tashrif buyuruvchilardan butunlay holi qilingan. Shuningdek, qor qoploni bolalariga tajribali veterinar mutaxassis va yordamchi xodim biriktirilgan.

Ko‘satilgan parvarishlarga qaramay, ulardan biri (erkagi) hayvonot bog‘ida 16-sentabrdan 22-sentabrgacha yashadi xolos. Veterinarlarning tashxisiga ko‘ra, u yurak miokardidan o‘lgan. Urg‘ochi ilvirs esa keng miokard infarktidan 13-dekabrda nobud bo‘ldi.

O‘zbekistonda qor qoplonining soni 30—50 dan 80—120 tagacha deb baholanmoqda va dunyo bo‘yicha tarqalgan bu hayvonning 1—1,5 foizini tashkil etadi.

2017-yilda qor qoploni yashaydigan hududlarni saqlash bo‘yicha 2022-yilgacha mo‘ljallangan loyiha ishga tushirilgan edi. Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda yaqin kunlarda qor qoploni turini o‘rganish va uni saqlab qolish uchun biologik materiallarini genetik tahlil qilish mumkin bo‘ladi.